#

Qor tagida qolgan sevgi.

O`shanda qishning qorli-qirovli kunlari tugab, bahorning iliq havosidan sovuqdan junjikkan vujudlarimiz yayrab, ko`ngillarda yangi-yangi umidlar, orzular tug`ilgandi. Go`yo yerga nurlarini bir qadar bisyorroq socha boshlagan quyosh qalbimizda mudrab yotgan tuyg`ularni uyg`otib yuborgandek edi. Shubhasiz, tabiat ham bu o`zgarishlardan chetda qolmagandi. Hamma yoq ko`m-ko`k. O`rik daraxtlari qiyg`os gullagan. Xullas, bahoriy kayfiyat har bir narsada, har bir jonzotda aks etib turardi. Sinfdosh bolalar bilan kelishib, qizlarga ziyofat qilib bermoqchi bo`ldik. Bundan men juda xursand edim. Chunki. Chunki bu ziyofatda uni ko`rishimni bilardim. Aynan shu kechada men unga dilimdagi bor gapni aytishim kerak. "Shuncha payt sir saqlaganim ham yetar. Sevishimni bilib olsin!" deb o`yladim. Farida bilan men bir sinfda o`qib, bir partada o`tirganmiz. Men shu qizni sevardim. Avvaliga, ya`ni boshlang`ich sinflarda, aniqrog`i, yettinchi sinfga qadar unga shunchaki oddiy sinfdosh sifatida qarardim. Lekin keyinroq. Faridani ko`rmasam, sog`inadigan, uzoq-uzoq o`ylaydigan bo`lib qoldim. Yonimda bo`lganida esa termulib o`tiraverardim. Uning chehrasi menga endi boshqacha, juda ham boshqacha tuyila boshlagandi. Ilgarigi qo`pol hazillarimni yig`ishtirib qo`ydim. Faridaga zarracha ozor yetishini xohlamasdim. O`sha paytlarda bu tuyg`uning sevgi ekanini tasavvur ham qilmagandim, qilolmasdim ham. Chunki men unda endigina o`n uch yoshda edim. Lekin his-tuyg`ularim yildan-yilga chuqurlashib boraverdi va men Faridani juda-juda qattiq sevishimni tushundim. Unga ishqimni izhor qilishga chog`lana-chog`lana maktabni bitirish vaqti kelib qolganini ham sezmay qolibman. "Oqshom"da dilimdagini to`kib-solishga qaror qilib, bir necha bor og`iz juftladim. Ammo. Qaniydi, bu soqov til aylana qolsa! Maktabni bitirib shahodatnoma oldim hamki, Faridaga sevishimni aytolmadim. Ko`pgina sinfdoshlarimiz oliy o`quv yurtlarining talabasi bo`lishdi. Jumladan, men va Farida ham. Turgan gapki, uni endi har kuni emas, haftada bir yoki ikki marta ko`radigan bo`ldim. Ammo hamon sevgimdan so`z ocholmayman. Vaholanki, maktabni bitirganiimzga ham ikki yildan oshdi. Ertalabdan yog`a boshlagan yomg`ir o`n birlarga borib qorga aylanib ketdi. Havo ham shunga yarasha - sovuq. Endigina uyg`ona boshlagan tabiat ham uyquga ketgan kabi hissiz, madorsiz. Osmon esa qovoqlarini uyib olgancha qor yog`dirishdan charchamasdi. Kunning bunchalik "tundligi" ko`nglimni biroz g`am qilsa- da, Faridani ko`rish umidi bu g`ashlikni tumandek tarqatib yubordi. "Bugun, albatta, aytaman! Aytmasam bo`lmaydi. Qachongacha ichimda saqlayman? Balki. Nima bo`lganda ham, unga aytishim kerak hammasini". Ziyofat Ziyodullanikida bo`lishiga kelishganimiz uchun o`sha yoqqa bordim. Belgilangan vaqtdan biroz ertaroq kirib borganimga qaramay, deyarli hammajam bo`lgan edi. Faqat. Faqat Farida va uning yaqin dugonasi Gulnora yo`q edi. Ko`nglim yana g`ashlandi.
-Farida nega kelmadi? - sabrsizlanib so`radim Ziyodulladan. Ovozim g`alati, titrab chiqdi.
-Kelib qoladi, -beparvo javob berdi u.
-Hali vaqtli- ku! Dasturxon juda to`kin edi. Hamma yeyish-ichish bilan ovora. Lekin mening tomog`imdan suv ham o`tmasdi. Faridaning nega kelmayotganini bilolmay hayron edim.
-Farida ziyofatga kelmoqchimidi? - so`radim yonimda o`tirgan Muniradan. -Albatta. Bir hafta avval ko`rganimda, "Zo`r ish bo`pti, boraman", degandi. -Kelmayapti-ku! - dedim zarda bilan go`yo Faridaning kelmayotganiga Munira aybdordek.
-Qiziqsan-a? -to`ng`illadi u.
-Men qayoqdan bilay?! Ehtimol, ota-onasi. Munira gapini tugatmagan ham ediki, "zal" eshigi oldida Gulnora ko`rindi. Qizlar bir zumda chuvillashib uning atrofini o`rab olishdi.
-Namuncha kech qolding? - Kelmasang kerak, deb o`ylayotgandik.
-Farida-chi?! Qani u?! Gulnora sirli jilmayib hammamizga bir-bir qarab chiqdi.
- Suyunchi berlaring! - dedi kutilmaganda qarsak chalib. -Faridani erga beramiz. Boshimga kimdir musht tushirgandek butun vujudim zirqirab, ko`zlarim tinib ketdi. Bir lahza qaerda, kimlar orasida ekanligimni unutib qo`ydim. Es-hushimni yig`ishtirib olganimda, Gulnoraning berilib aytayotgan gaplarini eshitdim. -Bugun fotiha bo`lyapti. Farida rosa xursand. O`ziyam ikki yildan beri uchrashib yurishardi. Gulnoraning qolgan gaplari qulog`imga kirmadi. Ko`zlarimni derazaga qadadim. Tashqarida o`rikning chiroylikkina bo`lib ochilib turgan nim pushti gullarini oppoq qor oplab olgandi. Xuddi mening sevgim singari.

#Yurak dardlari#39#tagida#qolgan#sevgi
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика