#

Ajal changaliga ilingan yigit

— Adashmasdan uyingizni topib keldingizmi? Xayriyat, uyingiz borligi esingizga kelibdimi? O'zi kelib, ovora bo'lib ham yurmasangiz bo'lardi…
- Buncha baqirasan? Kar emasman-ku, sekinroq gapirsang ham eshitaman. Bolalar uyg'onib ketadi.
- Bolalar, deysizmi? Bolalaringiz borligini unutmabsizmi, a? Tasanno sizga! Uyg'onsin-da o'shalar! Otasining tunni yarimlatib, yoqa-engidan ayol kishining atirini gurkiratib kirib kelishini bilsin! Sayoq yuradigan, o'g'il-qizining bo'yi yetsayam fikrini yig'a olmaydigan otasi uchun uyalishsin!
- E, og'zingni yum, deyapman senga! Bolalar eshikdan kirib kelgan eriga: «Hormang», deb bir piyola choy tutishga yaramaydigan onasi uchun uyaladi! Oyoq-qo'li charchasa ham jag'i horimaydigan onasi uchun uyaladi!
- Men yomon ekanman, nega bu uyga kelasiz? Nega o'shalaringizning yonida qolavermaysiz?! Butkul yo'qolib ketmaysiz? «Otangiz boshqa xotinlarning oldidan keladi», deyishdan ko'ra menga: «Otangiz yo'q bo'lib ketibdi», de­yish oson-ku!
- Kelsam, sen uchun kelmayman! Sen uchun bo'lsa, yiqqan oyog'imni yozmayman! Buni o'zing ham bilasan! Boburjon boshini yostiq bilan berkitdi. Yo'q, baribir, ota-onasining ovozi aniq-tiniq eshitilib turardi. U bir eshikdan kiraverishda tik turganicha bir-birini tuproqqa qorishtirayotgan ota-onasi yoniga borishni o'yladi. «Dadajon, oyijon! Har tun shu ahvol! Bir-biringizdan shu qadar ko'nglingiz qolgan ekan, birga yashab nima qilasizlar?! Axir odam bolasi bu dunyoda qanchayam yashaydi? Bor-yo'g'i yetmish, sakson yil. O'sha qisqa umrniyam bir-biriga nafrat bilan yashasa, ichi zahar-zaqqumga to'lib ketsa, nimaga kerak bunaqa hayot?!» degisi keldi. Lekin bir zum o'zini emas, opasini o'yladi. Darvozasini taqillatib kelayotgan sovchi ayollar ko'z oldiga keldi. Go'yo ulardan birining o'g'li opasi Nodirani yoqtiradi-yu, qo'shnilardan surishtiradi. Qo'shnilari esa ota-onasining bu ahvolini aytishadi, tabiiyki, sovchilar aynib, qaytib ketishadi. Boburjonning xo'rligi keldi. Yo'q, yo'q, Nodira opasi uzatilgandan keyingina ota-onasiga dilidagini aytsa bo'ladi. Shungacha ularni birlashtiradigan, bir-biriga yaqinlashtiradigan qandaydir bir narsa o'ylab topishi kerak. Axir otasi bilan onasi bir paytlar bitta institut, bitta fakultetda oldinma-keyingi kurslarda o'qishgan-ku. Bir-biriga muhabbatli bo'lishgan. Onasining albomida institut hovlisidagi shoxdor kiyikning haykali yonida besh-oltita yigit-qizlarning birga tushgan surati bor. O'sha suratda ham Boburjon bilan opasi Nodiraga juda o'xshab ketadigan bir juft yigit-qiz ko'z ostidan bir-biriga qarab turishibdi. Nahot otasi bilan onasi har zamonda bo'lsayam o'sha rasmlariga qarab qo'yishmasa?! Bir-biriga oshiq bo'lib yurgan, bir-birini sog'inib yurgan damlarini eslashmasa?! O'sha beg'ubor kunlar haqi bugungi urish-janjallaridan o'zlari xijolat bo'lishmasa?! Boburjon shunday og'riqli o'ylar ichida to'lg'anib yotarkan, telefoniga SMS keldi. Shunchaki o'zini chalg'itish, o'ylar iskanjasidan ozgina bo'lsa-da chiqish uchun telefon tugmachasini bosib: «…Sen qiynalyapsan. Oldingda tog'dek muammo turganga o'xshayapti. Hechqisi yo'q. Biz senga yordam beramiz. Yo'q, sen o'zingga-o'zing yordam berasan, sen o'zingning naqadar kuchli, jasur ekaningni bilmaysan! Ertalabki soat to'rtu yigirmani kut! Shungacha tiniqib uxla, kuch yig'!» degan yozuvlarni o'qidi. Yozuvlar uni o'ziga tortdi. Yana va yana o'qidi. «Kimdir ermakka jo'natmadimikin?» deb o'yladi-yu, o'ylagani o'ziga yoqmadi. Boburjon chindan ham ota-onasining adog'i yo'q tortishuvlaridan zada bo'lgan yosh yuragidan o'tayotgan kechinmalarni kimdir sezib-bilib turganiga ishongisi kelardi. «Dunyoda ongimizdan tashqari, bizni ko'rib turadigan, kuzatib turadigan bir olamning borligini hech kim inkor eta olmaydi-ku. Menga o'sha olamdan xabar keldi. Buni qadrlashim kerak» — Boburjon xayolini jamlashga, uxlashga harakat qilib ko'rmoqchi bo'ldi. Telefonning budilnigini roppa-rosa 4:20ga qo'ydi. Ota-onasining ovozi esa hanuz tinmasdi. Boburjon yostiq ustidan ko'rpani boshiga tortdi…
***
«Ting-ting». Boburjon ko'zini chala ochib, telefonining soatiga qaradi — 4:20. «Aldamabdi. Ermakka emas. Demak, kimlardir mening mushkulimni oson qilmoqchi, hayotimga aralashmoqchi…» Boburjon entikib, kerakli tugmachani ezdi. «Uyg'onishga, uyqungni bo'lishga kuch topdingmi? Balli! Demak, sen muammolaringni ham hal qilishga o'zingda kuch topasan. Unutma, sen jasorat, matonat yo'lining boshidasan. Sen endi birinchi qadamni tashlashing kerak. Biz juda ko'pchilikmiz. Sen o'zingni o'sha metin safning bittasiman, deb his qilishing uchun bilagingga biz bilan birdamlik ramzi bo'lgan «Ko'k kit»ning rasmini chizib, rasm chizilgan bilagingni suratga olib, bizga yuborishing kerak. Keyin sening murakkab taqdiringga nur tushiruvchi yo'llardan birga odamlay boshlaymiz»… Namuna uchun ko'k kitning rasm­lari

1 2 3 »

#Boshqalar#73#ajal#yigit
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика