#

Saboq bergan iltijo

Kuz kelib, atrof oltin rangga burkanadigan fursat. Zarifa maktab ostonasida bu yili o'ninchi sinfni boshlagan, bir chiziqqa ko'rkamgina bo'lib tizilib turgan o'quvchilar safidan o'rin olgan o'g'li Ziyovuddinni ko'rib, hayajonlangan yuragi battar to'lqinlanib, toshib ketdi. Ayni dam bundan o'n besh yil avval oilasini tashlab ketgan, tosh qalbida mehrdan asar ham bo'lmagan eri Mehriddinni eslab, ko'ngli o'rtandi. O'shanda Ziyovuddinga homilador bo'lgan paytlari ekanligi, oz bo'lsa-da yashab, ammo hech bir-biriga, aniqrog'i, Mehriddin Zarifaga ko'ngil bermagani guldek oilaning darz ketishiga sabab bo'lgandi. Bayram shovqini ostidagi ovozlar xuddi tirik beva ayolning ich-ichidan hech nimaga qaramay portlab chiqayotgan oxiri yo'q kemtik ohlarga o'xshar, uning beadoq so'roqlari xayolning qaysidir manzillariga borib, javobsiz saroblar bilan uchrashib kelardi. Mehriddin ota-onasining arzandasi bo'lgani uchun o'ta injiq, ustiga-ustak tayinli ishi bo'lmay, faqat xotini topganini yeydigan surbetroq erkak edi. Yo'q, Zarifa hammasiga chidadi, yigirma ikki yil ota uyida yashab ko'rmagan azoblarini ikki yil kelin bo'lib tushgan yangi uyida boshdan kechirdi. Eng yomoni, Mehriddin ichkilikka borgan sari ruju qo'ygan, oqibatda tunlari xotinini do'pposlar, bema'ni, bemaqsad harakatlar ko'ngil uyini batamom barbod qilardi. Shunda ham Zarifa tishini-tishiga qo'yib, sabr soyasida yashashni afzal bildi, ammo…
- Zarifaxon, o'g'lingiz biram ko'rkam yigit bo'libdimi?
- Ha, shunday.
- Onasi chiroyli-da, a, to'g'rimi? Zarifa indamay kulib, bosh irg'adi.
- Men ham qizimni shu maktabga olib keldim, endi o'g'lingiz bilan sinfdosh bo'lishdi. Ana qizim — Oynigor. Ayol safda Ziyovuddinning yonida turgan bo'yi pastroq, oq ko'zoynak taqib olgan qizni ko'rsatdi.
- Ular bir-birini tanisharkan, qizim bir haftadan buyon hujjatlarini to'g'irladi. O'g'lingiz qizimga siz haqingizda aytgandi.
- Shundaymi, xursandman. Zarifa hozir bu ayol bilan suhbat qurgisi kelmayotganini bildirib qo'ydi. Orziqib kutilgan qo'ng'iroq chalinib, o'quvchilar sinfxonalariga kirib ketishdi. Zarifa o'zi maktabni bitirganiga necha yil bo'lganini ham aniq eslolmadi. O'sha damlarda uning izidan qancha yigitlar sarson yurishgan. Taqdir ekan, kun kelib «Sendan boshqasiga uylanmayman», deb ostonasida turib olgan, unchalik yaxshi tanimasa-da, obro'li xonadonning yakka o'g'li Mehriddinga kattalar rozilik bildirib yuborishdi-yu, tez orada to'y ham bo'ldi. Insonning boshiga hayotning sinovli zarbalari tushaverarkan. Mehriddin bilan majbur ajrashgan Zarifaga kimlar og'iz solmadi. Bir tarafdan ayol erini oz muncha bo'lsa ham yaxshi ko'rardi. Ayol bitta-yu bitta o'g'lining o'gay ota qo'lida katta bo'lmasligini istadi. Tunu kun ro'zg'ori butligi, boshqalardan kam yashamasligi uchun ishladi. Uyga asta qadam bosib kelarkan, ayolning qalbida alam olovlari so'nmagandi.
- Nega men bilan shunday bo'ldi? Boshqasiga ko'ngil bersam bo'lardi-ku! Doimgidek soatlar kunlarga ulanib o'taverdi. Zarifa uzzukun devorga osilib turuvchi soatga qaradi. Tungi o'n bir bo'lay deb qolgan. O'g'li sira bunday kech qolmasdi. Bugun sinfdoshlari bilan o'tirishini aytib, chiqib ketgandi. Zarifa xuddi qayta-qayta ko'z qirini tashlasa, bolasi ostonadan kirib keladigandek yana o'sha soatga qaradi. Yodida shu buyumni bundan necha yillar avval nikoh to'yida dugonalari sovg'a qilgandi. Ba'zi buyumlar munosabatlardan ham aziz bo'larkan. Eshik qo'ng'irog'i og'ir chalindi. Zarifa shoshgancha eshikni ocharkan, Ziyovuddin ko'zlari qizarib tashqarida turardi.
- Buncha kech qolding bolam?
- O'rtoqlarim bilan o'tirdim…
- Menga qara, sendan tamaki hidi kelyaptimi? Bu gapdan qo'rqib ketgan Ziyovuddin onasiga sarosimasini aslo bildirmadi. Yuzini burib, taksida haydovchi amaki chekib kelganini vaj qildi. Zarifaning ko'ngliga ilondek shubha sudralib kirdi.
- Yaxshi, borib damingni ol, ertaga maktabga borasan. Ziyovuddin o'rniga yotarkan, chap cho'ntagidagi gugurtni derazadan uloqtirdi. Ona ko'ngli doim farzandi ko'ngli bilan yaqinlashgisi keladi. Ziyovuddin negadir oxirgi paytlar uyda kam bo'lar, Zarifa ham ishdan bo'shab, o'g'liga yetarlicha e'tibor bermasdi. Bu dunyoda eng aziz narsa diydor, ko'ngillar til topishsa, butun hasratlar unutiladi. Zarifa qachonki o'g'li bilan o'zi yaxshi ko'rgan narsalar haqida gaplashib o'tirsa, baxtdan sarmast bo'lardi. Shunday kunlar daraxtlar qish uchun yaproqlarini to'kib yuborgandek umr daftaridan o'chib borayotgandi. Ziyovuddin boshqa o'rtoqlari singari otasi bo'lishini chin qalbdan xohlar, bu xohishning kuchi bora-bora botiniylikni umidsizlikka tushirib qo'ymoqda edi. Endi o'ksik dilini tasallilatish uchun telefon, internet va onasi qattiq qo'rqqan tamaki chekishdan olardi. Bunda Ziyovuddinga o'tkinchi havaslarga berilgan o'rtoqlari turtki bo'lardi. Qishloq chekkasidagi ovloq maydonda Ziyovuddinning sinfdoshlari yig'ilishdi.

1 2 »

#Boshqalar#56#bergan#iltijo
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика