#

Yangi «Kaptiva» yoxud so'nggi pushaymon

Gulsora momoning ko'z oldi yana qorong'ilashib ketdi. U hozirgina yechib qo'ygan ko'zoynagini axtarib topolmadi. Atrofida turgan narsalarning barchasi bir xil rangda g'ira-shira ko'rindi, ammo ularni bir-biridan ajrata olmadi. So'ng qo'li bilan paypaslanib, ko'zoynakni qidira boshladi. Shu payt o'g'li To'lqin kelib qoldi. U onasini kuzatib turdi-da:
- Nimani qidiryapsiz? — dedi. Gulsora momo yonida hech kim yo'q, deb o'ylagandi. Shu bois o'g'lining tovushidan cho'chib tushdi. O'zini o'ng'aysiz sezib:
- Ko'zoynagimni qaerga qo'yganimni bilmayapman, — dedi. To'lqin onasining yoniga kelib, ko'zoynakni olib berarkan:
- Buni do'xtir taqish uchun bergan. Ko'zingizdan olmang. Bo'lmasa, ko'zingiz toliqib, battar ko'rishingiz susayadi. Tunov kuni o'zi sizga tushuntirib aytdi-ku, — dedi. Gulsora momo o'g'lining yonida o'zini yosh boladay tutib:
- Xo'p, bolam. Sen nima desang, shu, — deb ko'zoynakni taqib oldi. Dunyo birdan yorishib ketganday bo'ldi. Ammo ko'p o'tmay boshi og'rib, ko'zi xiralashdi. Keyin bularning barchasidan qutulishni istaganday o'rniga yotdiyu, ko'zini yumdi. To'lqin esa xotiniga choy aytib, so'riga chiqib o'tirdi va onasiga qarab:
- Ha, charchadingizmi? — dedi. Onasi zo'rg'a uning gapini tasdiqladi. So'ngra:
- Ko'zim yana xira tortganga o'xshaydi, To'lqinjon, — dedi nimadandir cho'chiganday xastahol ohangda.
- Odam qarisa, shunday bo'laverarkan-da, oyi. Do'xtiringiz aytgan, bir oydan so'ng olib borib qaratib kelaman. Ungacha yangi mashina olsam, zo'r bo'lardi. Sizni mashinaning old o'rindig'iga o'tirg'izib, do'xtiringizga olib borardim. Ona-bola bir aylanib kelamiz-da. A?! — dedi To'lqin orzuga berilib. Gulsora momo esa uning gapidan quvonib:
- Ilohim, aytganing kelsin, bolam, — dedi. Choy-non olib kelayotgan kelini ularning gapini yarim chala eshitib:
- Ha, ona-bola bizni tashlab, qaerga ketyapsizlar? — dedi. So'ng ikki orada nima gap bo'lganini bilib qo'shib qo'ydi.
- Tavba. Hech zamonda ham odam shunday orzu qiladimi? Siz ham to'yga deng, bozorga deng, kelib-kelib yangi mashina bilan do'xtirga borishni havas qilasizmi? To'lqin «Onamning ko'zini…», deya gap boshlagan edi, xotini tag'in uning og'ziga urdi.
- Onangizning ko'ziga nima qilibdi? Mana, ko'zoynaklarni taqib, zamonaviy momo bo'lib o'tiribdilar-da!
- Sen gapga aralashma! — dedi To'lqin achchig'i chiqib. — Undan ko'ra, bor, ishingni qil! Eridan tanbeh eshitgan Zaynab labini burib nari ketdi. Gulsora momo esa kelinining yonini oldi.
- Qo'y, baqirma, o'g'lim. U yaxshi niyat qilyapti. To'g'ri-da, yangi mashina bilan to'yga borish kerak. Do'xtirda nima bor?
***
Yolg'iz farzandini uylantirgan Gulsora momo endi nevara erkalab o'tiraman, deb orzu qilardi. U boshqa tengdoshlariga qaraganda tetik va baquvvat edi. Faqat ikki yildan buyon negadir ko'zi xiralashib borardi. To'lqin onasini bir necha bor shifoxonaga olib bordi. Gulsora momoni tekshirgan shifokor uning ko'zini operatsiya qilish kerakligini aytdi. To'lqin esa boshini quyi egib, qancha xarajat ketishini so'radi. Vrach buning uchun viloyat shifoxonasiga borish kerakligini va taxminiy hisob-kitobni aytdi. To'lqin shifoxonadan g'amgin bo'lib qaytdi. U kollejni tamomlagach, bosh-qa o'qishni orzu ham qilmagandi. Otasiz o'sgan To'lqin onasiga ko'makchi bo'lib, ro'zg'orning kam-ko'stini to'ldirdi. Fermada oddiy ishchi bo'lib ishlasa ham, yig'ib-terib to'rt-besh bosh mol-hol qildi. Qo'rasini qo'yga to'ldirdi. Mana endi o'g'liga xatna to'y qilishni orzu qilib yurganida onasining tobi qochib turibdi. To'yning o'zi bo'lmasligini bilgan Gulsora momo shifoxonadan qaytgach:
- Ko'zim yaxshi. O'g'lim, sen meni o'ylamay, to'yni boshla. Undan so'ng do'xtirga ko'rinish qochmaydi. Ko'z yurak yoki buyrakmiki, azob berib og'risa. Ko'zim xiralashsa, ko'zoynak taqib turaman, — dedi. Bu gap To'lqinga ham ma'qul tushdi. U topgan-tutganini yig'ib, to'y qildi. To'y tarqab, hamma yoq saranjom-sarishta bo'lgach, sinfdosh jo'ralari tag'in mehmonga kelib, undan hol-ahvol so'ragan bo'ldi. Do'stlar odatdagiday chaqchaqlashib o'tirarkan, maktabda direktor bo'lib ishlaydigan sinfdoshi:
- To'lqinboy, siz ham to'y qilib, elga qo'shildingiz. Bolalaringiz katta bo'lib, yaxshi-yomon suqlanib qaraydigan bo'ldi. Ot uyning barakasi, degan eskidan qolgan gap bor. Endi siz ham bir tulporning jilovidan mahkam ushlang. «Neksiya»mi yoki «Kaptiva»mi, farqi yo'q. Zamonamizning tulporlari bir-biridan zo'r. Hadeb g'o'za oralab yuraverasizmi? Bunday ko'krakka shamol tegadigan vaqt keldi, — dedi. Bu gap hammaga ma'qul keldi. Jamshid ham oraga qo'shilib:
- To'g'ri gap aytildi. To'lqinboy,

1 2 »

#Boshqalar#171#yangi#yoxud#songgi#pushaymon
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика