#

Haqiqiy qorboboning sovg'asi

Aziz mitti barmoqlari bilan deraza oynasiga archa rasmini chizdi. Shu payt eshik ochilib otasi — Hamid xonaga kirib keldi. Hamid o'g'li chizgan rasmni ko'rib, jilmaydi va sovuqda qizarib ketgan qo'liga kuh-kuhladi. Bosh kiyimini yechayotib, o'g'liga savol berdi:
- Qorboboning rasmini chizyapsanmi? Allaqachon yaxshi-yomonni farqlay boshlagan Aziz qovog'ini osiltirib, otasiga qaradi va:
- Menga o'sha yolg'onchi Qorbobo haqida gapirmang, — dedi. Hamid endi yetti yoshga to'lgan o'g'liga angrayib qarab qoldi.
- Nima deysan?!
- Qorbobo aldoqchi! — otasining jiddiy qarab turganini ko'rgan Aziz o'zini oqlashga tushdi. — Necha martadan beri katta mashina, uchadigan vertolyot olib kelaman, deb aldaydi-ku. Hamidning ko'ksida nimadir chirs etib uzilganday bo'ldi. Aslida, o'g'li Qorbobodan emas, uning o'zidan xafa ekanini his qilib, dili xufton bo'ldi. Axir Hamid ham boshqalar kabi Qorbobo beradigan sovg'ani cho'ntagiga qarab, bozordan olib keladi. Bir kun avval narigi yo'lakda yashaydigan Nodir amakiga sovg'ani olib borib:
- O'g'lim, aslida, katta mashina yoki vertolyot so'ragan edi. Shunga o'zingiz gapni kelishtirib, biror nima dersiz, a?! — deydi. Bunday savdolarga duch kelib, o'rganib ketgan «Qorbobo» shoshmasdan ro'yxat daftariga vaqtni belgilab yozarkan:
- Yaxshi, — deydi qisqagina qilib. Bunga qanoat qilmagan Hamid:
- Iltimos, ishonchli chiqsin, — deydi ichi qizib. Endi «Qorbobo» jiddiy tortadi. Yozuvdan bosh ko'tarib, Hamidga qaraydi. Uning umid bilan mo'ltirab turgan ko'zlariga tikilib:
- Ismi Azizmi, qo'shni? — deydi o'zini unga yaqin tutib. — Biz Aziz bilan kelishib olamiz, siz xavotirlanmang! Shundan keyin Hamidning ko'ngli joyiga tushib, uyiga qaytadi. Mana, ikki yildirki, ahvol shu. Aziz pult bilan boshqariladigan vertolyot va kattakon mashina so'raydi. Yonma-yon qo'shnisi o'g'li Abrorga uchadigan vertolyot olib bergan. Pastki qavatdagi bolada esa Azizning yoshidagi bolalar bemalol minib yursa bo'ladigan mashina bor. Dastlab, Hamid bozorni ko'rmay, o'g'liga mana shunday o'yinchoq olib berishga va'da berib yubordi. Keyin bilsa, oddiy ko'ringan vertolyot ham uncha-muncha pul turmaskan. Mashinani-ku gapirmasa ham bo'ladi. Shu sabab Hamid o'g'li aytgan narsani olib berishga qurbi yetmayotgandi. U Azizning ko'ngli o'ksimasligi uchun aytgan narsalarini olib berishga urinadi. Aksiga oli, doim bir muammo chiqib qoladi. So'ng imkoniyatiga qarab, biror narsa oladi. Hamid hozir ham «Qorbobo»ning yonidan kelayotgandi. U o'g'li aytgan narsani olib bermagan, demakki, bu safar ham Azizning xafsalasi pir bo'lishini oldindan sezib turardi. Shu sabab erkak o'g'lining ahvolini oldindan tassavvur qilib, o'z-o'zidan xafa bo'lib kelayotgandi. Hozir Azizning gapini eshitgach, bo'laricha bo'ldi. Hamid o'g'lining ko'ziga qarab, Aziz hali sakkizga to'lmasdan bolaligini yo'qotib qo'yganini his qildi. Axir Hamidning o'zi uchinchi-to'rtinchi sinfda o'qib yurganida ham maktabdagi Qorbobo, aslida, o'qituvchisi ekanini bilmasdi. Yostig'ining tagiga qo'yib ketiladigan sovg'alar uchun esa o'sha Qorbobodan minnatdor bo'lib yurardi. Aziz-chi? U hozirdan Qorboboni yolg'onchi deyapti. Bolada bunday narsalarga ishonch yo'qoldimi, demak, uning beg'ubor onlari ham yakun topdi, degani emasmi? Aynan shunday! Hamid bular haqida qancha ko'p o'ylasa, o'zini shunchalik aybdor sanaydi. O'zini farzandining bolaligini o'g'irlaganlikda ayblaydi. Hozir Hamid o'g'liga jiddiy qaradi va:
- Qorboboni yolg'onchi deyish yaxshi emas, — dedi unga nasihat qilib. — O'zing o'ylab ko'r, dunyodagi hamma bolalarga sovg'a olishi kerak. Qorboboga ham osonmas. Shuning uchun uni yolg'onchi deyishing noto'g'ri. Aziz otasining yonida boshini egdi. Aybdorligini bilib, kattalar kabi ko'zini olib qochdi. U otasiga bugun Abror yana ustidan kulganini, shu sabab achchig'i chiqib, Qorboboni yolg'onchi deganini aytib bermoqchi bo'ldi-yu, tag'in indamadi. Aziz maktabdan qaytayotganida yo'lakda Abrorga duch keldi. U otasi bilan qaerdandir kelayotgan ekan. Abror uni ko'rishi bilan:
- Qorboboga xat yozdingmi? Qanday sovg'a so'rading? — dedi.
- Mashina, — qisqa javob berdi Aziz.
- Yana mashina so'radingmi? Nega? Axir, baribir, Qorbobo senga so'ragan narsangni olib kelmaydi-ku. Sening Qorbobong so'raganingni emas, topganini sovg'a qiladi. Bilding! Menga esa bu yil undan ham zo'r narsa beradi. Hozircha sir, hali bayram o'tsin, ko'rasan, — dedi Abror maqtanib. O'g'lining gaplarini eshitgan otasi Abrorga tanbeh berdi.
- Azizga ham so'ragan narsasini olib keladi. Sen nega birovni xafa qilyapsan? Bu yaxshimas!
- Ha, to'g'ri-da, dada. Uni har yili Qorbobo aldaydi. Aziz doim uchadigan vertolyot yoki katta mashina so'raydi, Qorbobo esa arzimas narsalar olib kelib, uni aldaydi, — dedi Abror o'zini oqlab. O'g'lidan bu gaplarni eshitgan

1 2 »

#Boshqalar#190#haqiqiy#sovgasi
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика