#

OTA QARG'IShI…

Yo'lchi har kungiday erta tongdayoq do'konga borib ichkilik ichdi. Ichmasa bo'lmasdi. Kecha ko'payib ketibdimi, uyqudan boshi yorilguday bo'lib uyg'ondi. Shunday paytda miyaga hech narsa kirmaydi. Quloq kar, ko'z ko'r bo'ladi. Davosi faqat va faqat yuz gramm… Eh, yuztadan keyin odam tinchib qayta qolsaykan! Qayoqda? Davomini olmasa yuragi g'ash tortadi. Kayfiyati tushib alamzada bo'lib qoladi… Mana, endi hammasi joyida bo'ldi. To'g'ri-da, bo'yi naq ikki metr keladigan, devkelbat, ayiqpanja yigitga yarimta ichkilik nima bo'pti?
- Ha, singiljon, qalaysan endi? — Yo'lchi ichkariga kiriboq choy damlash ilinjida oshxonaga kirib ketayotgan singlisi Marg'ubaning yelkasiga shapatilab qo'ydi. — Ishlar beshmi? Nimaga gapirmaysan? Og'zingga tolqon solvolganmisan? Akang gaplashyapti-ya senminan!
- E, boring-e, — zarda bilan akasiga ters o'girildi qiz. — Ertalabdan sasib keldingizmi yana?
- Nima qipti? Ichsam sening pulingga ichyapmanmi? O' anavi qari otamizdan pul so'radimmi? Aytgancha, boboy ko'rinmaydi? Qani o'zi? Nahotki, bugun nasihat eshitish balosidan qutulgan bo'lsam-a?
- Qutulib bo'psiz. Machitga chiqib ketdi. Hozir kep qoladi.
- Uf-f, shu boboydan sira qutulmas ekanman-da! Hozir keladi-da, tag'in diydiyosini boshlaydi… Otam bo'lmasa-ku…
- Voy, nima qilardingiz? Urarmidingiz?
- Ishing bo'lmasin. Bor, choyingni damla! Menga tuxum qovurib kelishniyam unutma!
- Qanaqa tuxum? — qo'l siltadi Marg'uba. — Uyda hech vaqo qolmadi. Kecha ulfatlaringizminan hamma narsaning boshiga yetib bo'lgansiz.
- Ie, — birdan tutoqib ketdi Yo'lchi. — Yemay og'zimizni tikib o'tirishimiz kerakmi? Bor, erkatoy qizsan-ku, otangga ayt, puldan bersin! Do'kondan ul-bul yegulik olib kelasan.
- Zaril kelgani yo'q. Men maktabimga borishim kerak…
- E, bo'pti, yo'qol ko'zimdan! Hozir boboy kelsin, o'zim olaman…
***
— Ha, boboy, namuncha? Tushdan keyin kelardingiz…
- Mahmud ota endigina chopon-sallalarini yechib, tahoratini yangilash maqsadida hojatxona tomon yurgandi hamki, ro'parasida burnigacha qizarib ketgan Yo'lchini ko'rib jig'ibiyroni chiqdi.
- Tag'in ertalabdan ichib oldingmi? — javob berish o'rniga o'g'liga jahl bilan tikildi ota. — Qachon odam bo'lasan o'zi? O'shing yigirma beshdan oshdi. Pasporting o'lda-jo'lda bo'lib yotibdi. O'shani to'g'rilamaysanmi?! Uylanib bola-chaqa qilmaysanmi?! Ish-pishga joylashib ro'zg'or tebratmaysanmi?! Qachongacha mening pensiyamga tikilib yashaysan? Bu tanbeh Yo'lchining ensasini qotirdi. Rangi bo'zarib oltmish besh yoshli otaning tepasiga keldi.
- Bu nima deganingiz, boboy? Pensiyangizga tikilsak, kamayib qolyapsizmi? Otasiz, boqasiz-da! Kichkinaligimda «detdom»ga topshirib kun ko'rgandingiz. Endi ko'zga ko'rinib qo'limizdan ish keladigan bo'lganda, shartta detdomdan chiqarib uyingizga opkevoldingiz… Ja haddingizdan oshavermang!
- Nima qilgan bo'lsam, senlarni deb qilganman. — xirillab qichqirdi Mahmud ota. — Onang sayoq yurib hammamizni xor qilib ketmaganda shu ishlar bo'lmasdi. Seni etagimga osvolib ishga bormasdim-ku, to'g'rimi? Gapirgan gapingni qara…
- E, bas qiling diydiyongizni! Undan ko'ra, puldan cho'zing! Bir joyga o'tirishga borishim kerak.
- Nima qilay borsang? Boraver!
- Pul-chi? Quruq qo'lminan so'ppayib kirib boramanmi o'rtoqlarimning oldiga?
- Ishla, pul kerak bo'lgan odam ter to'kib ishlaydi.
- Vey, — Yo'lchi azbaroyi alamga to'lganidan qo'llarini musht qildi. — Aql o'rgatish oson, bildingizmi? Qachon xohlasam o'shanda ishlayman. Sizdan so'rab ham o'tirmayman. Pul bering dedim menga!
- Pul yo'q menda. — teskari o'girilib ketmoqchi bo'ldi Mahmud ota. — Pensiyamni tamom qilib bo'lgansan allaqachon.
- Bermaysizmi?
- Bermayman.
- Yaxshi-i… — Yo'lchi har ehtimolga qarshi tashqari eshikni ochib podyezdni ko'zdan kechirib oldi-da, eshikni qaytadan yopib qulfladi va otaga yaqin borib yoqasidan bo'g'a boshladi.
- Bermaysizmi? Ikkinchi marta so'rayapman.
- Bermayman…
- Unda o'zingdan ko'r, qari tulki! Meni detdomlarda xor qilib yurib-yurib endi pulingniyam qizg'onasanmi? Mana senga! Qari odamga ko'p narsa kerakmidi. O'lg'iz o'g'ilning oxurday mushti zarbidan devorga borib boshi bilan urildi.
- Ih-h! Yaramas bola! Voy boshi-im!
- Boshingiz og'ridimi? — uning tepasiga kelib hezlandi Yo'lchi. — Yana bir marta so'rayman. Pul berasizmi-yo'qmi? Mahmud ota boshini changallagan ko'yi inqillar, faqat eshitilar-eshitilmas shivirlagani quloqqa chalinardi:
- Iloyim topgin-u, qo'ling tutmasin!
- Nima? Qarg'ayapsanmi hali? Ana endi boshingni yeyman sen qari tulkining! Keyingi tepkilar go'yoki qariyaga ta'sir qilmagandek tuyuldi… U uchinchi tepkidan so'ng hushidan ketib yiqilgan, og'zi-burnidan favvoradek qon otilib chiqardi…
***

1 2 3 »

#Boshqalar#60#qargishi
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика