#

FOLBINNING KASOFATI…

Erkak kishining ishi yurishmay qolsa, ko'ziga dunyo tor ko'rinib, kindik qoni to'kilgan uyiga ham boshi sig'may qolarkan. Sherali ishlayotgan to'quv fabrikasi xususiylashdi-yu, u «qisqartirish»ga tushib, bir haftacha bo'ldi — uyda o'tirib qoldi, qani endi yegan-ichgani ichiga tushsa. Bo'zchining mokisiday hovlida uyoqdan-buyoqqa borib-kelib yurgani-yurgan, nari borsa ko'chaga chiqadi. Odamlar ola qarayotgandek, nuqul uni masxaralayotgandek tuyulaveradi. O'n yil bir sinfda o'qib, shu tuproq ko'chada tepishib katta bo'lgan sinfdosh do'stlariga ham yurak yutib gapirolmaydi. Go'yo og'zini ochgudek bo'lsa, «Uchta bolangni qantarib uyda o'tirgani uyalmaysanmi? Vey, quruq gap quloqqa yoqmaydi, hech bo'lmasa shaharga borib mardikorlik qilsang-chi, erkak?», deya tanbeh berib qoladigandek… «Mardikor emish,— o'zicha g'udranib tomorqa tarafga yurdi Sherali. —Shaharga borish uchun ham pul kerak. Qaerdan olaman? Xotin ham: «Endi bir kamingiz mardikorchilik qilishmidi? Qo'ying, bir amallab kunimizni ko'rarmiz. Ishning urug'iga o't tushmagandir?! », deyishi tayin… Mana, borimni bolalarga kiyim-kechak qildim. Yaxshiyam, xotin bog'chada ishlaydi. Hech qursa, kechki ovqatni o'sha yerdan tashib turibdi…» U tomorqadagi pomidor, bodringlarga suv tarab andarmon bo'lib, kunni kech qildi. Tushda xotini Xosiyat qoldirib ketgan bir kosa sutga non bo'ktirib yedi…
- Yaxshi o'tiribsizmi, dadasi? — qosh qoraya boshlaganda bolalarni yetaklab Xosiyat kirib keldi. Sherali ikki yashar qizchasini, keyin egizak o'g'illarini erkalab o'pdi.
- Ha, o'tirmay yurt oshib ketarmidim? Yuragim siqildi, ermakka tomorqani sug'ordim.
- Voy, shunaqami? Yaxshi qipsiz. Ko'chatlar ja chanqagandi… Ha, aytgancha, sizga bir gap topib keldim.
- Gap? Nima ekan?
- Bugun bog'chadagilar aytib qolishdi: Qo'rg'onchaga shahardan Sokina degan folbin ayol kelibdi. O'lib ketgan Xalcha xolaning uyini mahalladagilar unga ijaraga beribdi. Odam bosib yotganmish. Ikki-uch qatnasangiz, ishingiz yurishib, yo'lingiz ochilib ketarmidi… Rosa maqtashdi qizlar.
- Obbo, o'sha g'alchalarning gapiga laqqa tushdingmi-a! — xotinini koyigan bo'ldi Sherali. — Xudodan ham zo'rakanmi o'sha folbin?
- Namuncha qaysar bo'lmasangiz? — dedi Xosiyat qovoqlari uyilib. — Uyda siqilib o'tiribsiz, shuning uchun so'rab-surishtirdim-da. Siz bo'lsangiz…
- Xo'p, nima demoqchisan? Boraymi o'sha folbinga? Cho'ntakda bir miri bo'lmasa! Quruq qo'lga fol ochmasa kerak! Bekordan-bekorga shahardan kelmagandir?
- Mana, men bog'chada qizlardan ikki ming qarz oldim. Yarmini oling-da, bir borib ko'ring! Zora, ishingiz yurishib, ko'rmaganday bo'p ketsak! Sherali gapni urchitib o'tirmadi. Qizchasini qo'liga oldi-da, taragan suvidan xabar olgani tomorqa tarafga o'tdi. Kechki ovqatni yeb bo'lishgach, Xosiyat yelim xaltachaga shisha idishda suv, isiriq, tuz solib berdi.
- Manavi isiriq bilan tuzga dam solib beradi. — tayinladi u eriga. — Suvni qaytarma qiladi, ichasiz… «Ha, bu xotinlar balo,— ko'nglidan o'tkazdi Sherali. —Ikir-chikirigacha biladi-ya! ». Bahor havosi, bir zumda osmonni quyuq qora bulutlar qoplab yomg'ir tomchilay boshladi. Sherali egniga kurtkasini ilib, velosipedda yo'lga tushdi.
***
Folbinning ijara uyi sakkiz chaqirimcha kelardi. O'n besh-yigirma daqiqa yo'l yurib, Sherali ko'kimtir darvoza ro'parasida to'xtadi. Shu mahal darvoza g'iyqillab ochilib, ichkaridan ikki-uch ayol qo'llarida tuguncha bilan chiqib qolishdi. Ular halloslab turgan Sheraliga bir-bir olayib qarab olishdi-da, pichirlashib jo'nab qolishdi. Sherali xijolat tortib, bir zum bo'sag'ada turib qoldi. Erkak kishi folbinga ishonib… Folbinga ayollar qatnaydi-da. Nimaga Xosiyat o'zi kelmay, uni jo'natdi… «Ha-ya, shuncha yo'lga bir o'zi kelmaydi-ku, axir! — o'yladi u sekin bo'sag'a oshib ichkariga qadam qo'yarkan. — Ishqilib, sharmanda qilmagin-da, Xudoyim! » Folbin miqtigina, kulchayuzi oppoq ayol ekan. Etagi kaltaligidan qip-qizil ishton yopishib turgan boldirlari bo'rtib ko'zga tashlanardi. Sherali hayron bo'ldi: «Shaharlik ayollar lozimda yurmasdi-ku! Kalta ko'ylak kiyadiganlari oyoqlarini dirkillatib yurgich edi. Ha-a, bu ayol taqvodor, shekilli. Shunga lozim kiyib, ro'mol o'rab olgan».
- Mullaka, keling, xizmat!? — kulimsirab so'radi Sokina yuzlariga fotiha tortishgach.
- Ta'rifingizni eshitib keldim, — dedi Sherali ko'zini olib qochib. — Shu desangiz… Ishlar sal yurishmay turibdi… Shunga…
- Tushundim. Qani, qo'lingizdagilarni manavi dasturxon ustiga qo'ying-chi! Sherali xaltachadan shishadagi suvni, tuz va isiriqni birin-ketin olib, ko'rsatilgan joyga qo'ydi.
- Yaxshi. Bularga dam solib beraman. Isiriqdan har kuni bir-ikki chimdim tutatib turasiz. Tuzni hammalaring yeydigan ovqatga solib ishlataverasiz. Suvga bo'lsa, har kuni

1 2 3 4 »

#Boshqalar#85#kasofati
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика