#

Jasoratning mayda zarrasi

— Ruxshona, xayoling qaerda? Meni eshitmayapsan, chog'i? Nimaga to'rvasini yo'qotgan gadodek angrayasan? Axir gapimni tugatib, ikki-uch daqiqadan beri seni kutyapman! Munisaning baland ovozidan Ruxshona cho'chib tushdi. So'ng o'ziga kelgandek:
- O'rtoqjon, men bugunoq Jamshid bilan uchrashaman. Nimaga SMS… — deya o'zining asardagi so'zlarini takrorlamoqchi bo'ldi-yu, xayolini jamlay olmay, yana ko'zini bir nuqtaga tikib, jim qoldi. Munisa o'rtog'iga yaqinroq o'tirdi.
- Ruxshona, dugonajon, sen rostdan ham Munis ikkovimiz bir yigitga ko'ngil qo'ydik. Munis men uchun Jamshiddan voz kechyapti, deb o'ylayapsanmi? Voy, jinnivoy-ey, axir bu asar-ku. Sahna, tushundingmi? Sahna! Biz ikkovimiz imtihondan o'tish uchun rol o'ynayapmiz, rol, tushundingmi? Ruxshona birpas jim qoldi-da, keyin:
- Munis, ke, qo'y. Boshqa paytda repetitsiya qilarmiz. Boshim og'riyapti. O'zimni qo'lga ololmayapman, — dedi. Munisani Ruxshonaning bu javobi qanoatlantirmadi, shekilli:
- Rostdan boshing og'riyaptimi? Hozir oshxonaga chiqib, achchiq ko'k choy damlayman. Bosib-bosib ichsang, og'rig'i yoziladi, — deb o'rnidan turdi. Ruxshona bir xayoli bilan uni to'xtatmoqchi, «Hozir ko'k choy tugul, undan zo'r dorini ichsam ham bosh og'rig'im yozilmaydi», — demoqchi bo'ldi-yu, yana hozir hech kimga, hatto yaqin dugonasiga ham toqati yo'qligi uchun bosh irg'adi. Munisa chovgumni ko'tarib, chiqib ketgach, yig'lagisi keldi. Axir bu o'qishga osonlikcha kirganmidi? «San'at institutiga kiraman, sahnada rollar o'ynayman», deganida uni onasidan boshqa hech kim qo'llamadi. Hatto:
- Qo'ng'iroqdek ovozing bor. Buning ustiga, Parpi qassobdan tortib, Karima pistafurushgacha o'xshatib parodiya qilasan. O'zingni ko'rmagan odam, o'lay agar, o'shalardan biri deb o'ylaydi, — deya unga qoyil qoladigan tog'asi ham tanlagan o'qishini eshitib:
- Qo'ysang-chi, artist bo'lib nima qilasan? Qiz bola bo'lsang… — dedi. Lekin Ruxshona:
- Hozir qiz bola, o'g'il bola degan gaplar yo'q. Men aktrisa bo'lib, sahnada yashamoqchiman, — dedi. O'shanda shartnoma puli haqida o'ylab ham ko'rmagandi. Nazarida, davlat granti asosida o'qishga iqtidori yetadigandek edi. O'qishga kirishga kirdi-yu, kontrakt bo'lib qoldi. Birpas quvongan bo'lib, so'ng quvonchi tashvishga aylandi. Bir paytlar Ruxshonaning dadasi gilos terayotib, daraxtdan yiqilgan. Orqa miyasi yerga qattiq urilib, shifoxonaga ham yetmay, joni uzilgan. Onasini esa bobosi vaqtida o'qitmagan. «Shaharga ketgan qizlar yo'ldan chiqib ketyapti», deb yo'lini to'sishgan. Bo'lmasa, Ruxshonaning onasi «Chaman ichra»ni aytganida ayollar davrasi: «Halimaxonim bo'lib ket-ey, kam bo'lma», — deya alqashar ekan. Loaqal hamshira bo'lishiga ham qo'yishmagan. Shuning uchun bo'lsa kerak, Ruxshona «O'qiyman, aktrisa bo'laman», deganida onasi darrov rozi bo'ldi.
- Men senga ko'p pul bera olmayman, qizim. Farroshning maoshi o'zingga ma'lum. Lekin kechayu kunduz duo qilaman. Faqat sen beva ayolning qizi ekanligingni unutmasang, bas! Boshqalarning tizzasidan baland ko'ylagini ko'rmaganlar ham sening ko'ylagingdan oyog'ing ko'rinsa, sezishadi. Isming yaxshi-yomon og'izlarda chaynalmasin! — dedi. Ruxshona-ku o'ziga ishonardi. Shuning uchun onasiga va'daning kattasini berdi. «Institutga kirsam, tugatguncha hech kim bilan gap-so'z bo'lmayman, ishonavering. To'ylargayam bormayman», dedi. Kontraktga tushib qolishini o'ylamagan ekan-da, o'shanda. So'ng onasi qayoqqa bosh urishini bilmay yurganida dadasining do'sti, xo'jalik ishlari hisobchisi — qizning o'qishiga homiylik qiladigan bo'ldi. «Qoratoldan ko'z do'xtir chiqdi, advokat chiqdi, artist ham chiqsa, chiqa qolsin. Har sessiyangda bitta fermerga aytib, kontrakt pulingni to'lab beraman», dedi. O'shanda Ruxshonaning boshi osmonga yetgandi. Mana, ikkinchi kursning yarmigacha o'sha hisobchi To'lanboy aka gapida turdi. Ammo yozgi sessiya yaqinlashganida To'lanboy aka:
- Qizim, fermerlarning o'z tashvishi o'ziga yetib turibdi. Hozir ulardan pul so'rasam, yo'q, degan javobni eshitishim aniq. Onang shu gal eplab tursin. Qarindosh-urug'laringga aytsin, sendayam qolib ketmas, — dedi. Hozir Ruxshonaning ichiga chiroq yoqsa, yorishmaydi. To'yga… Kursdoshlari yurishadi. Qiz esa onasiga, tog'asiga va'da bergan. Qolaversa, bir-ikkita to'y bilan kontraktni to'lashga yetadigan pul ham yig'ilib qolmaydi. Ruxshona shundan parishon. Munisa jo'mragidan bug'i chiqib turgan chovgumni ko'tarib kirganida dugonasi hanuz o'ychan o'tirardi.
***
— Doniyor, bir narsa qilmasak bo'lmaydi, — Munisa kipriklarini pirpiratib, kurs sardoriga yuzlandi.
- Nimani nima qilish kerak? — Doniyorning ko'zi qo'l telefonida, tugmalarini bosib, nimalarnidir axtarardi.
- Qo'lingizdagi

1 2 3 »

#Boshqalar#531
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика