#

Qarz dardi

Omadsizlik qursin, endi ishlarim yurishay, deb turganda nuqul oyog'im ostidan tikan chiqadi. Ishsizlikdan rosa qiynalib, axiri maktabga qorovul bo'lib ishga kirdim. Hammasi yaxshi, erta tongdan maktab hovlisiga suv sepaman, gullarni sug'oraman, navbatchilikni topshirguncha bir qancha ishlarni bajarib yuraman. Axir, nima qilay, ishlamasam turolmayman-da. Maktab rahbari, baraka topgur, juda xushfe'l odam-da. Mashinasida kelib, darvozani o'zi ochib kiradi. Mening oldimda xijolat bo'lsa kerak-da. Muomalasini aytmaysizmi, yoshim undan kichik bo'lsa ham salom beradi. Ha endi, rahbar bo'lgandan keyin shu-da. Bir quvonaman, bir quvonaman. Qilgan ishlarimdan mamnun bo'lib, «Yashang, uka, hovlini namlab, yaxshi ish qilibsiz, halizamon bolalar kelsa, hamma yoqni changitib yuborardi», deydi tabassum bilan. Shundan keyin yurakni hovuchlab o'tiraman. Direktor o'rinbosari kelganda darvozani ochmasam bormi, quloqlarim ostida zambarak otiladi. Ayniqsa, hamiyatimga tegadigani: «Kun bo'yi cho'chqaga o'xshab yotasan, eshikni ochishga kelganda esa…» Bunday paytlarda «Ha mayli, bir kuni bizning ham ketmonimiz uchib qolar», deb o'zimni ovutaman. Ba'zi vaqtlarda koyish uchun bahona topolmasa, qitmirlik yo'liga o'tadi. Bir safar aybimni topolmagach, qorovulxonaning eshigini ataylab ochib qo'ydi-da, atrofga olazarak qarab nari ketdi. Saldan so'ng borib eshikni yopib qo'ydim. Kuzatib turganimni payqamadi shekilli, ikki qo'lini bir-biriga ishqab, mag'rur kulib qo'ydi. Uning yuzidagi tabassumni ko'rib, kayfiyati yaxshi ekan deb, salom berib oldiga borsam, qovog'ini solib, o'dag'aylab ketdi.
- Qorovulxonaning eshigi nima uchun ochiq? Ichkarida televizor, radio bor. Maktab bolalari kirib tegsa, kim javob beradi? Uning bu qilig'iga hayron qoldim. Axir, kap-katta odam. Mendan nima istaydi, bilmadim. Bir kuni eshikni qulflab qo'ydim-da, bog'dagi yovvoyi o'tlarni tozalashga kirishib ketdim. Bir muddat ishlagandim, yana hay-hay to'polon bilan oldimga keldi. Nima deydi deng?
- Nega qorovulxonaning eshigi qulf, eshikni qulflab qo'yishga kim huquq berdi sizga? Yo bu xususiy mulkingizmi?
- O'rtoq boshliq, o'zingiz aytgandingiz, eshikni ochiq qoldirmang, deb. Shunga qulf solgandim…
- Menga qarang, ichkariga kirib o'tiring, eshikni ochmang ham, yopmang ham… Xullas, bog'da ishlasam, qorovulxonada o'tir, deb qo'ymaydi, ichkarida o'tirsam, tashqarida yur deydi. «Bor-e» deb ishdan bo'shab ketgim keladi-yu, shu baraka topgur, direktorni ko'zim qiymaydi. Bir kuni qabuliga chaqirtirib, shunday dedi:
- Ukam, maktabimizda bog'bonning ham, qorovulning ham, hatto, pechka yoquvchining ham ishini bir o'zingiz qilasiz. Erta tongda kelsam, hovliga suv sepib, changbosti qilib qo'yasiz. Bu ishlaringiz tahsinga loyiq. Sizni katta maosh bilan siylamoqchiman. Birinchi maoshingiz, mana, oling! Qo'limga uch dasta ming so'mlik pul berganda, quvonchimdan baqirib yuboray dedim. Rahmat, rahmat, deb eshikdan chiqqanimni bilaman, yo'lakda ketimdan ketmon soluvchi o'rinbosar turibdi. Qo'limdagi pulni ko'rib ko'zlari chaqnab ketdi. Eh, attang, nima uchun cho'ntagimga solmadim, o'zim ham hayronman. Lablari uchib, puldan ko'zini uzmagan holda, «Uzoqlamay turing, sizda ish bor», dedi. Xo'p, degancha qorovulxonaga bordim-da, maoshimni xaltaga solib, berkitib qo'ydim. Eshikdan uzoqlamay, kuta boshladim. Sal o'tmay, muovin izimdan yetib keldi-da: «Ha o'tiribsizmi, xayol surib. Maktab tomini ta'mirlatish kerak ekan. Uch yuz so'm qarz berib tursinlar. Ertaga beraman», dedi do'q urib. Maktab tomini ta'mirlash uchun uch yuz so'mdan ham yig'adimi? Uch ming so'm, uch yuz ming so'm, degin. Uch yuz so'm-a, deb hayron bo'ldim. Xo'p-xo'p, deya kissamdagi bir dona besh yuz so'mni uzatdim. Uzatgan pulimni ko'rib, bo'g'ilib qolgan kurkaga o'xshab qizarib ketdi. Ko'zlaridan o't chiqqudek o'qraydi-da: «Nima, siz menga masxarabozlik qil­yapsizmi?», deb baqirdi. Yo tavba, so'ragan pulini ortig'i bilan bersam ham, asabiylashyapti, nima jin urgan buni?
- Nima qilay, o'rtoq boshliq? Siz so'radingiz, men berdim.
- Anqovmisiz, uch yuz so'm — uch yuz ming so'm degani. Siz bo'lsangiz, besh yuz so'm tutasiz. Ana endi ichimda nimadir uzildi. Bir oy xotinning qosh-qovog'iga qarab, keksa ota-onamning nafaqa pulidan yo'l haqiga ishlatib yurgandim. Hattoki, qo'shnimizdan ozgina qarz havola qilgandim. Bunga maoshni bersam, qaytib berarmikin? Pulni qo'lim qaltirab uzatar ekanman, uch dasta pul bira to'la jonimni sug'urib ketayotgandek bo'ldi. Uydagilarga maosh olganimni aytmayman, qarzni qaytarib bersa, sekin olib boraman-da, deb o'zimga-o'zim tasalli berdim. Mana, shunday taskin bilan hamon ishga kelib-ketaman. Nihoyat maosh oldimu xotinning javrashidan quloq tinchidi. Lekin hali-hanuz yurak notinch. Ishqilib, o'rinbosar qarzini qaytarsin-da… Mulla MO'MIN,

#Boshqalar#40
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика