#

«Dayus! O'zsinglingga ichirib qo'yasanmi?!»

Shuhrat aka mashina eshigini ochgan uy xizmatchisini bir turtib yubordi-da, uyiga qarab otildi. O'zini qo'yarga joy topa olmayotgan erkak hadeb hansirar, ko'zlari ola-kula bo'lgan ko'yi baqirardi.
- Salima! Salima, dedim!
- Hay-hay, sekin! — deya ichkari uydan yugurib chiqqan ayol uxlar chog'da ham yaltir-yultir kiyinib olgancha eriga yaqinlashdi.
- Nega bir chaqirganda chiqmaysan, a?! — dedi Shuhrat aka bo'yinbog'ini bo'shatarkan. — Qani, o'g'il-qizing?
- Voy, buncha baqirasiz? — dedi ko'rsatkich barmog'ini labiga bosib «jim» ishorasini qilgan ayol.
- Senga bolalar qaerda deb savol berdim?! — dedi jazavaga tushishni boshlagan erkak. — Gapir, haliyam ko'chada tentirab yurishibdimi?! Shuhrat akaning xunobi oshishi bejiz emas edi. Kunora o'g'li tufayli bo'lib turadigan janjallar, ona suti og'zidan ketmagan yoshgina qizining xurmacha qiliqlari erkak yuragiga ancha-muncha tosh cho'ktirib ulgurgan. Igna bilan quduq qaziganday yillar davomida to'plagan obro'-e'tiborini yer bilan yakson qilayotgan farzandlari noboproq chiqqan edi. Mana, bugun ham erkak tanishlaridan o'g'lining bir restoranda ko'rsatgan tomoshasi haqida eshitgan va shu sabab uyi tomon yelday uchib keldi. Shuhrat aka o'zini bosolmas, xotinining avrashlariga qaramay, goh qizining, goh o'g'lining telefon raqamini terardi.
- Yo'q, bular meni jinni qilmoqchi! — deb erkak qo'l telefonini zarb bilan yaqindagina ta'mirdan chiqqan uy devoriga otdi. — Ikkalasining ham telefoni o'chirilgan!
- Uyga kiraylik, dadasi, keyin bafurja…
- Sudrayverma, kirmayman! — deya baqirdi Shuhrat aka va so'kindi. — Jin ursin, ming lanat! Axir soat tungi bir yarim-ku?!
- Dadasi, yurishgandir-da…
- Hey, menga qara! — xotiniga o'dag'aylagan erkakning ko'zlari endi kosasidan chiqqudek darajada kattalashgandi. — Sen qanday onasan o'zi, o'g'ling-ku, mayli, o'g'il bola, lekin qizing-chi, qizing qaerda yuribdi, a?! Salima opa jim bo'ldi. «Etib keldi, endi gapirsam aniq uradi. Chindan ham bu yaramaslar qaerda yuribdiykin?». Ayol endi nimadir demoqchi edi hamki, tashqarida mashinaning chiyillab to'xtagan ovozi eshtildi. Mashinaning yoqilgan chiroqlari ochiq darvoza uzra Shuhrat aka bilan Salima opaning yuziga tushgani sabab ular dastlab kim kelganini anglolmay qolishdi. So'ng bahaybat soyalar kichrayib, gandiraklagancha bir-biriga yopishib, bazo'r qadam bosayotgan aka-singillar ekani aniq bo'ldi. Sharof va Bonu ostonadan hatlasharkan, hadeb hiringlashishar, ora-sirada baravar «tis-s-s» deya og'izlarini berkitashardi-da, yana xandon otib kulishardi. Qiz baland poshnali tuflisida qayrilib ketaverar, har yiqilayozganida tag'in kulardi. Sharof ham Bonudan kam qoqilmadi.
- Iya, dadajon, oyijon, uxlamadingizmi? G'o'ldirab gapirgan Sharof qarshisida ota-onasini ko'rib, biroz hushyor tortdi-yu, lekin gapirishini o'zgartirolmadi.
- Qaerlarda yuribsan, aroqxo'r?! — Shuhrat aka shu qadar baqirdiki, asabdan ko'zlari pirpirab ketdi. — O'zing daydiganing yetmaganday singlingni ham…
- Uff, dada, nega buncha faryod solasiz? — Bonu shu payt oyoqlari chalishib yiqilib tushdi.
- Qizim, qizim! Chinqirib yuborgan Salima opa qiziga yaqinlashishga uringandi hamki, Shuhrat aka baquvvat qo'llari bilan ayolini to'xtatdi.
- Sen mastmisan?! — dedi erkak rafiqasini to'sib turgan holatda qiziga angrayib. — Sen hali… Shuhrat aka gapirolmay qoldi. Zotan, gapirishga hojat ham yo'q. Yerda cho'zilib yotgan qizi o'zini bilmay pishillagancha uxlab qolgandi. Sharof esa singlisining tepasida «Tur, hey, nega yotvolding!» deya bidillardi. Shuhrat aka ortiq Salima opani ushlab turolmadi, bunga hafsalasi ham yetmasdi. U bir-bir qadam tashlab ko'chaga chiqdi-da, haydovchisidan kalitni olib, mashina ruliga o'tirdi. «Nima uchun, qaysi gunohlarim uchun bunday nobakor farzandlarni menga ato qilding, ey, Robbim? Qaerda xato qildim? Tarbiyani to'g'ri berdim, yoshligidan nazorat ostida ushladim. Lekin ular qachon o'zgardi?!». Erkakning qo'li rulda, ko'zlari hech tugamaydigandek ko'rinadigan yo'lda-yu, biroq xayollari… Hovlida erta tongdan qushlar sayray boshladi. Uy xizmatchilari har tarafga suv purkash, nonushta tayyorlash, bog' va hovlini tozalash bilan ovora. Kechagi dilxiraliklarni unutishni istagan Salima opa garchi qalbida allanechuk kemtiklik, g'ashlik turganiga qaramay barini ortga tashlagan. Ochiq havodagi dasturxon ishtahani ochib yuboruvchi ne'matlarga to'la, hamma narsa taxt. Salima opa xonasidan chiqib kelayotgan farzandlarini ko'rdi-yu, yashnab ketdi.
- Bolajonlarim, ko'zimning nuri, hayotim mazmuni! Ayol ikki farzandining qo'lidan tutib olgan, kechagi voqealarni eslashni ham, eslatishni ham istamaydi. Bonu va Sharofning esa ko'zlari shishgan, yuzi tund, peshonalari bosh og'rig'i sabab tirishgan.
- Bolalarimga muzdek sharbatdan quyib bering, o'zlariga kelishsin.
- Bolalaring zaharni ichsin! Hovli o'rtasidagi oila a'zolari o'tirgan ayvonchaga yaqinlashib kelayotgan

1 2 3 »

#Boshqalar#565
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика