#

Baxt ortidagi tamg'a

— Men bolaning tug'ilishiga qarshiman.
- Esingni yeganmisan, Nodir? Axir bu bola sening farzanding-ku!
- Men birinchi farzandimiz o'g'il bo'lishini istayman, ammo tekshiruvlar uning qiz ekanligini ko'rsatdi. Xumoraga homilani oldirib tashlashini tayinlaganman.
- Do'stim, keyin afsuslanasan!
- Erkak kishi qaroridan afsuslanmaydi! — Nodir shunday dedi-yu, xonadan chiqib ketdi. To'g'risi, men Nodir bilan bolalikdan birga ulg'aygan yaqin do'st bo'lsam ham, do'stimning ba'zi qiliqlarini sira tushunmasdim. Nodirning fe'lidagi injiqlik hech qaysi tabiat ko'tarolmaydigan dovulga o'xshardi. Yeldek bostirib keladi-yu, atrofni payhon qilib ketadi. Kollejni bitirgan chog'imiz Nodir harbiy xizmatga ketdi. Orada xat yozishib, telefonlashib yurdik. Fursat degani qushdek uchib o'taverar ekan. Do'stim xizmatdan kelib, Xumorani uchratdi. Ota-onasining yetim qizni olib bermasligi haqidagi qarshiligiga qaramay Nodir o'zi tanlagan qiz uylandi. O'shanda kuyovlik taxtida o'tirgan do'stimning qalbidagi tuyg'ulari baxtning bo'laklari emas, balki g'urur va o'z «men»ining ustunlik alomatlari ekanini sezmagandim. Shuncha yuragimga yaqin olsam-da, ko'pincha Nodirdan ancha uzoqda yashagan insondek do'stimning ko'p ishlarini tushunmasdim. Hatto to'yimga kechikib kelganida, bo'kib ichib, janjal chiqarganida ham o'rtamizga sovuqchilik tushmasligiga urindim. Xumora kelinlik xizmatini ortig'icha ado qilar, o'z go'shasidan topolmagan mehrni yangi uydan topishga intilardi. Xotinim Begoyim bilan ular qalin dugona bo'lib ketishdi. Qush kabi uchayotgan fursat onlari umr nomli ulkan kemani qaysidir manzilga boshlar, uning yo'lovchilari turfa sinovlarga dosh berib yashashga majbur ekan. Nodir xotini bilan urishib qolgan kezlari Xumora uyimizga kelar, singlisidek bo'lib qolgan Begoyim bilan tonggacha hasratlashib chiqardi. Bu hasratlar onaga aytilishi kerak bo'lgan qalbning ichki kechinmalari ekanligini, o'sha dam ko'ngilga oshufta bir ko'ngilning hamrohligi o'ta muhimligini his etardim. Achinarlisi, Xumora o'zi yillab, balki bir umr izlagan mehrini yangi uyidan ham topolmagani yurakni g'ashlardi. Institutdagi darslarim tugamasdanoq telefonim jiringladi.
- Allo, dadasi, oshnangizga ayting, Xumorani tug'ruqxonaga olib keldik. Kutilmagan bu xabardan dovdirab tezda manzil tomon otlandim. Yo'l-yo'lakay Nodirga telefon qilarkanman, javob bermayotganidan jahlim chiqdi. Tug'ruqxonaga yetib keldim, xotinim yosh bolamizni qo'shnimizga tashlabdi-yu, Xumorani bu yoqqa eltibdi.
- Bemorning ahvoli og'ir, jarrohlik yo'li bilan tug'dirib olamiz. Doktorning bu gapi quloqlarimizga hadikli eshitildi. Xotinim Xudodan tinmay shifo so'rar, mening ich-ichimda notanish g'alayonlar isyon qilardi. «Nahotki, nahotki do'stim tubanlikning shu darajasiga yetgan bo'lsa? Xudo bergan farzand azizligini, o'g'ilmi, qizmi, o'z zurriyodi bo'lishini his etmasa, mayli, ko'ngil qulfi zanglagan taqdirda ham aqli barchasini anglashi shart edi-ku?» Bardoshim yetmay Nodirning uyiga bordim. Hashamatli qasr yonida madad kutayotgan muhtojdek qotdim. Taqillagan temir darvozani ancha vaqt o'tib ochgan uy egasining munosabatiga qarab, bekor kelganimni anglagandek bo'ldim.
- Menga qara, u megajin senga kim o'zi? Qaerdagi bir yetimchaning tarafini olasan-a!
- Atirgul opa, nabirangiz tug'ilish arafasida…
- O'chir ovozingni, o'g'limning ra'yiga qarshi chiqqan nopob kelin ham, undan tug'iladigan bolaning ham menga keragi yo'q. Istasam, o'g'limni yana uylantirib qo'yaman. Bilib qo'y, xonadonimga ko'z tikkanlar tiqilib yotibdi. Yuzimga qarsillatib yopilgan darvozaga qarab, tilim kalimaga kelmay qoldi. Tug'ruqxonaga kelar chog'im Atirgul opa tili bilan sanchgan tikanlari butun vujudimni zirqiratar, og'riqdan sil bo'lgan yuragim «Dunyoda shunday odamlar ham yashaydimi?» deya to'xtovsiz savol berardi. Atirgul opa o'z mahallasining «O'zbekoyim»i bo'lib, biron to'y-ma'raka, tug'ilgan kun, yig'in bormi usiz o'tmasdi. Hatto «Falon bog'da olma pishibdi, terish kerak», deyishsa ham, mahallaning barcha xotinlari Atirgul opadan ruxsat so'rar, opaning obro'si, boyligi, zahardan-zahar tili qarshisida qad egib turishardi. Nodirbek deya osmonlarga ham sig'dirmay katta qilgan bittayu bitta o'g'li, ularning tilida aytganda «qayoqdagi yetimvachcha»ga uylangani Atirgul opaning obro'siga putur yetkazmasa-da, mahalladagi uzunquloq g'iybatlarga sabab bo'ldi. Ba'zida o'ylanib qolardim, «Yoshlar baxtli-saodatli yashasa bo'ldi-da, yana nima kerak bularga?» Shundan buyon mahallaning bironta ayoli tagli-tugli, boy xonadondan kelin qilsa, Atirgul opaning bag'ri qonlanar, yig'inlarda barchaga tikanini sanchib go'yo alamlarini olardi. Mana, bugun ham hatto o'z o'g'lining zurriyodidan kechib turibdi. Bu qaysar fe'lining tabiatimi yoki qasd qilishmi? Uyida esa eri uning soyasi edi. Nazarimda, Atirgul opaga bu soya faqatgina «Boshida eri bor» degan

1 2 »

#Boshqalar#67#baxt#ortidagi
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика