#

Baxtning siri

Bir savdogar baxt nimaligini bilish uchun o'g'lini eng mashhur donishmand huzuriga yuboribdi. O'g'il qirq kecha-kunduz sahro kezib, nihoyat, tog' tepasidagi ajoyib bir qal'ani ko'ribdi. Bu qal'ada yigit izlab yurgan donishmand yasharkan. Donishmand uning tashrifidan ko'zlagan maqsadini bilib, baxt nimaligiyu, uning qanday sir-asrori borligini hozir tushuntirib o'tirishga vaqti yo'qligini aytdi va yigitchaga qal'ani tomosha qilib, aylanib, ikki soatdan keyin shu joyga kelishni tayinladi.
- Darvoqe, senga yana topshirig'im bor, — dedi u yigitchaga ikki tomchi moy solingan qoshiqni uzatib, — bu qoshiqchani olgin, qara, tag'in moy to'kilmasin. Yigitcha ko'zini qoshiqchadan uzmay, zinalardan chiqib-tushib saroyni aylanadi, ikki soatdan so'ng yana donishmand qoshida hozir bo'ladi.
- Xo'sh, — dedi donishmand, — oshxona zalidagi forsiy gilamlar senga yoqdimi? Bog'dagi dov-daraxtlar, gulzorlar-chi? Ularni qo'li gul bog'bonlar o'n yil deganda barpo etishgan. Mening kutubxonamdagi eski qalin kitoblar, teriga bitilgan qo'lyozmalar-chi? O'sal bo'lgan yigitcha bularni ko'rmaganini tan oladi. Chunki u qal'ani aylanganda, butun diqqatini qoshiqdagi moydan uzmagan edi.
- Izingga qayt va uyimdagi mo''jizalarni tomosha qil, — dedi shunda donishmand. — Turish-turmushini ko'rib, bilmagan odamingga qanday ishonasan. Yigitcha qo'lida qoshiq bilan yana saroyni aylangani ketadi. Bu safar u oldingiday diqqat bo'lmay, xonalarni bezab turgan kamyob jihozlarni, san'at asarlarini ko'radi. U bog'larni va qal'ani o'rab turgan qoyalarni kuzatadi, gullarning va suratu haykallarning go'zalligini o'zicha baholaydi. Donishmandning oldiga qaytgach, u ko'rganlarining hammasini oqizmay-tomizmay aytib beradi.
- Ikki tomchi moy qani? Men senga uni to'kib qo'yma, deb taylagandim, — dedi donishmand. Shunda yigitcha qoshiqchadagi moyning to'kilganini payqaydi.
- Mana shu men senga beradigan birdan-bir maslahat, — deydi unga donolar donosi. — Baxtning siru asrori dunyoning bor jozibasiyu tarovatini ko'ra bilishda va ayni paytda qoshiqdagi ikki tomchi moyni ham hech qachon yoddan chiqarmaslikdadir. Rus tilidan Ozoda HALIMOVA tarjimasi

#Boshqalar#29#siri
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика