#

Mozortuproq sepilgan uy

Ko'cha yoqasidagi hashamdor uyning naqshinkor darvozasi yoniga kelganda O'lmasxonning ichiga yana shayton g'ulg'ula soldi. Darvozaning ochiq tabaqasidan ichkariga qarab, did bilan bezatilgan ayvonga ko'zi tushdi. Uy egasini xohlamaygina chaqirib, ichkariga qadam bosdi. Hovlida turgan yo'lbars haykali favvora yonidagi ohularga qahr bilan boqib turardi. Ayvondagi xontaxta ustiga qo'yilgan noz-ne'matlardan xonadon mehmondorchilikni xush ko'rishi ma'lum edi. O'lmasxon ayvon ro'parasiga kelib, baland tovush bilan «Kim bor?» dedi. Ichkari uydan boshiga ro'mol o'ragan o'rta yoshlardagi ayol chiqib keldi. Ayol yuzidan nur taralar, lablarida tabassum qalqib, ko'zlarida savolomuz nigoh bilan O'lmasxonga qarab «Keling?!» dedi. Ayolning bo'ynidagi taqinchoq O'lmasxonning ko'zlarini o'ynatdi. Zimdan unga termularkan, qo'llarida, barmoqlarida ham qimmatbaho taqinchoqlar borligini ko'rdi. Egnidagi libosi ham ancha qimmat ekani aniq.
- Keling, opa, xizmat? — dedi yana suqlanib turgan O'lmasxonga xushmuomalalik bilan uy sohibasi.
- Men… Men tabibman, odam ko'raman. Eshigingiz oldidan o'ta turib, odamlarim sizning uyingizga boshlab kirdi. Opa, boshingizda og'ir musibat turibdi. Menga pul yoki boshqa narsa kerak emas. Faqat sizga xolis xizmat qilmoqchiman. Uyingiz ostonasiga dushmanlaringiz mozortuproq sochib ketgan. Sizning tez-tez boshingiz aylanib, ovqatga ishtahangiz bo'lmaydi. To'g'rimi?
- Ha, ha, to'g'ri, — dedi ayol soddalik bilan. O'lmasxon «mozortuproq» degan so'zni aytganida ayolning dovdirab qolganini ko'rdi. Chunki ayolning bir zumda rangi o'chib, ko'zlarida qo'rquv zohir bo'lgandi.
- Uyingizdagi erkak juda ham katta joyda ishlaydi yoki biznesmen. Shundaymi?
- Ha, erim biznesmen, bitta o'g'lim bor. U ham otasi bilan birga biznes qiladi. Ayol shu darajada xavotir bilan O'lmasxonga boqardiki, nigohida «Yordam bera olasizmi?» degan savol bor edi.
- Agar eshik oldidagi mozortuproqni tozalab bersam, nima hadya qilasiz?
- Ayting, opajon, nima xohlaysiz? Oilamga kelayotgan musibatning oldini olish uchun nima istasangiz beraman. O'lmasxonning «ovi» baroridan keldi. Aytgani muhayyo bo'lishini o'ylab, og'ziga kelgan birinchi narsa ayolning taqinchog'i bo'ldi. Ayol O'lmasxonning og'zidan so'zi chiqib ulgurmay, xontaxta chekkasiga aytganini qo'ydi.
- Eshik oldidagi mozortuproqni tozalashning o'zi bilan musibatingiz arib qolmaydi, o'rgilay. Uyingizdagi supurgini olib chiqing, kelgan balo shunga ursin. Oyoq-qo'li qaltirab o'rnidan turgan ayol uyning orqasiga o'tib ketdi. Qo'lida supurgi bilan qaytar ekan, kelib O'lmasxonning qarshisiga cho'kkaladi. Supurgini uzatib, ko'zlarida yosh qalqdi.
- Opajon, yaqinda o'g'limni Xudo bir qaytarib berdi. Mashinasida avtofalokatga uchragandi. Endi yana nima musibat, birovga yomonlik qilmasam, o'zim bilan o'zim ovora bo'lsam. Kimni menda nima qasdi bor?
- O'rgilay, o'g'lingizga mahallangizda uch-to'rt bolali ayollar hasad qilishadi. Chunki ularnikida siznikiga o'xshab hamma narsa to'kin-sochin emas. Shunday ekan, ichi kir odamning qo'li egri bo'ladi-da, — dedi O'lmasxon so'nggi so'zini cho'zib gapirgancha darvozaning oldidan ozgina joyni supurib, yig'ilgan tuproqni qo'liga oldi.
- Mana, o'rgilay. Mahalla boshidagi qabristonning tuprog'i. Buni ataylab, o'g'lingizga o'lim tilagan qo'shnilaringiz sochib ketgan. Sizning bir qo'shningiz bor, uzun sochli, doimo boshiga ro'molni qiyshaytirib o'rab oladi. O'lmasxon aytayotgan ayol Diloromning qo'shnisi Zamiraxon bo'lib, boyagina unga O'lmasxonning nayranglari o'tmagandi. Shu yo'l bilan qasd olmoqchi edi.
- Zamiraxon oldimga kunda uch-to'rt martalab kirardi, gap bu yoqda ekan-da!
- Ana, ko'rdingizmi? O'rgilay, u sizning boshingizga musibat tushishini kutadi. Tili boshqa, dili boshqa uning. O'lmasxon bilib-bilmay birovni qoraladi-yu, o'zi juftakni rostladi. Ko'nglida jonajon dugonasi, yillar mobaynida opa-singildek bo'lib ketgan Zamiraxonga nisbatan kuchli shubha va nafrat paydo bo'lgan ayol O'lmasxonning ketganini sezmay qoldi. Oradan ancha vaqt o'tib, eshikdan Zamiraxonning ovozi eshitildi. Uy ichkarisiga doim ruxsatsiz kirib kelaveradigan ayol Diloromning tushkun kayfiyatda o'tirganini ko'rib, darrov nima bo'lganini payqadi.
- Dilor, sizni ham folbin aldab ketganmi deyman, o'tirishingiz boshqacha. Anavi Xosiyat yanganing olti yuz ming so'm pulini olib ketayotganda eri kelib qolib, militsiyaga topshirdi. Bu gaplardan Diloromning titroq kirgan oyoqlari birdan jonlanib, o'rnidan turdiyu, darrov militsiyaga yugurdi.

#Boshqalar#146
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика