#

MURDALAR GAPIRMAYDILAR… (4-qism)

Tengiz yig'ilganlar bilan birma-bir ko'rishgach, to'rga o'tdi. Qo'tos uning yoniga o'tirdi.
Tengiz sigaret tutatgach, Qo'tosga yuzlandi:
— Nima bo'ldi?
— Bizni Bifshteks qiziqtiryapti. U hamisha sening yoningda bo'lardi?
— Ha, bo'lardi, — dedi Tengiz xotirjam ravishda. So'ng xuddi oddiy bir xabarni eslaganday qo'shib qo'ydi: — O'lmasidan ilgari…
— O'ldimi? — Qo'tos ajablanib, to'planganlarga qarab oldi. Ular ham hayratlarini yashirmay Tengizga tikilishdi. Lager hayotida birovni o'ldirish, yoki itday o'lib ketish aytarli ajablanarli hol emas. Tojdor o'g'rilarni hayratga solgan narsa — yaqin odamlarining o'limi tafsilotidan vaqtida xabar topmaganlarida edi. Agar sheriklariga bu olamga begona kimsa qasd qilgan bo'lsa, kechiktirmay jazolashlari shart. Tengiz ularning bu fikrini ham uqsa-da, javobga shoshilmadi. Sigaretni yana ikki-uch, chuqur-chuqur tortib, nafsini orom toptirgandan keyingina javob berdi:
— Ha, o'ldi. Bir mishiqini eplay olmadi. Adabini berib qo'y, devdim, bir tepkini ko'tara olmay o'ldi. Bola balo ekan.
— Kim? Sen uni o'ldirdingmi? — Bu safar Qo'tosning ovozida tahdid sezildi.
— Ayb u bolada emas.
— Kimligini ayt bizga!
— Bilishga qiziqayotgan bo'lsalaring aytaman: «Eshshak», Bublikka egilmagan bola.
— Uni menga qo'yib berishing kerak edi?
— Bo'lar ish bo'ldi endi. Men sinab qo'rdim — mard bola ekan. Yaxshilab tarbiya qilsang zo'r o'g'ri chiqadi undan. Ammo u endi u «eshshak» emas, nomi «Hamzat» bo'ladi.
— Nega?
— Men shuni xohladim.
— Knyaz, sen haddingdan oshma! — Ukraina tomonlarda «Koshak» nomi bilan mashhur bo'lgan o'g'ri Tengizning so'zini dag'allik bilan uzdi: — Sen musulmoningni himoya qilib, zo'r yigitni o'ldirtirib yubording!
Tengiz sigaretini tutatib, unga tutun orasidan ko'zini sal qisibroq qaradi:
— Koshak, bilmasang bilib qo'y: mening dinim ham, millatim ham — o'g'ri! Qo'tos, sen bunga tushuntirib qo'y. — Tengiz shunday deb o'rnidan turdi. Ostonaga yetganida to'xtab, orqasiga o'girildi. — Koshak, bilib qo'y, bu olamda faqat bittagina o'g'ri degan millat bor. Bu millat oldida boshqalari sariq chaqa. Agar shunga aqling yetmasa, sen o'g'ri emassan, mujiksan! —
Tengiz eshikni bir tepib ochdi-da, tashqariga chiqdi. Uch-to'rt qadam yurib, to'xtadi. Uning fikricha, hozir ortidan Qo'tos chiqib kelishi lozim edi — yanglishmadi.
— Knyaz, sen xafa bo'lma. Koshakka yetadigan ahmoq bu dunyoda kam topiladi. Ahmoqona gaplarni ko'p gapiradi-yu, ammo yuragi toza bola. Ko'nglida kiri yo'q. Sening nima uchun achchiqlanganingni tushunmay o'tiribdi, u ahmoq! Tushunganidan so'ng o'zi kelib sendan kechirim so'raydi.
— Xafa emasman, — Tengiz shunday deb jilmaydi, — Oilamizga bir-ikkita shunaqa dovdir ham kerak. Bo'lmasa, yashashning qizig'i qolmaydi.
— To'g'ri aytasan. Unga shu yerlarda chidash mumkin. Ozodlikda bunga sherik bo'lganning sho'ri quriydi.
Qo'tos to'g'ri aytgan edi — Koshak ikki kundan so'ng Tengizdan uzr so'radi. O'zining ham dunyoda yagona O'G'RI millatidan ekanini bayon qildi.
Ana o'sha voqeadan beri «politbyuro» endi rasmiy kengashga chorlangan edi. Oleg «Garbuz»ning iltimosnomasini o'qishdan avvalroq Tengiz, «politbyuro»ni chaqirishni reja qilib qo'ygan edi. Kecha oqshomda qo'liga yetib kelgan bir xabar uni «politbyuro» bilan maslahatlashishga undagandi.
«Politbyuro» to'plangach, Tengiz o'tirgan yerida ularga bir-bir qarab chiqdi.
— Knyazlarim, — garchi qofqazliklardan boshqalar bu nomga da'vo qilmasalar-da, Tengiz ularga bo'lgan hurmatining baland ekanini bildirib qo'yish uchun gapini shunday boshladi, — Knyazlarim, bugun biz ikki muhim masalada yagona qarorga kelishimiz kerak.
Tengiz birinchi masala deb Oleg «Garbuz» iltimosini bayon qildi. U gapini tugatmayoq Koshak e'tiroz bildirdi:
— Onasi o'n marta qayta tug'sa ham undan o'g'ri chiqmaydi, — dedi u stolga kafti bilan urib-urib qo'yib. — Kozel u! Boshqa gap yo'q! Tulada nima uchun suvdan quruq chiqqan? Kozel edi! Promzona komendanti bizning odam edi. Hech qanaqangi qanjiq-musorlarga aloqasi yo'q edi.
— Aniq bilasanmi? — deb so'radi Qo'tos.
— O'shanda men Kurskda edim. Aniq bilaman.
— Men «Garbuz» deganini endi eshityapman. Kozel bo'lsa nima uchun shu paytgacha jazosiz yuribdi?
— Tutqich bermayotgandir-da. Agar unga toj kiydirsak, hammamiz rasvo bo'lamiz.
— Agar kozel bo'lsa… agar ayyor bo'lsa… — Tengiz o'ylanib qoldi. — Boshqa lagerlarga ham shunaqa xat yozgandir? Tezda aniqlash kerak. Qo'tos, o'zing shug'ullan bu ish bilan. Agar shunday qilgan bo'lsa, boshiga toj o'rniga sirtmoq ilish kerak. Ilganda ham pinhona emas, shov-shuv bilan osib o'ldirish kerak. Boshqa kozellar o'zlarini nima kutayotganini bilib qo'yishsin.
Birinchi masala — tamom! Endi ikkinchisi — biz tomonlarga «Murik» kelayotganmish, —
Tengiz shunday deb o'tirganlarga savol nazari bilan boqdi.
— Murik? Kim u? — deb so'radi Qo'tos.
— Bilmaysizlarmi? — Tengiz istehzoli

1 2 3 »

#Qo'rqinchli voqealar#76#murdalar#gapirmaydilar#4qism
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика