#

Rey Bredberi. Bahor sehrgari (hikoya) 3-qism

– Enn! – Ketaversin! – Enn! – Sesi yanayam yaxshiroq o‘rnashib oldi va butun fikri-zikrini ishga soldi. Biroq Enn o‘jarlik qilgancha turib oldi. – Yo‘q, yo‘q, men uni yomon ko‘raman! Qizni bir onga ham tashlab ketmaslik kerak edi. Sesi avval uning qo‘llarini o‘ziga bo‘ysundirdi, keyin – yuragini, boshini. sekin-asta: “Tur o‘rningdan!” – o‘yladi u. Enn turdi. “Egningni kiy!” Enn kiyindi. “Endi, yur!” “Yo‘q!” – o‘yladi Enn Liri. “Yur, deyapman!” – Enn, – dedi jimgina kuzatib turgan oyisi. – Tomni zoriqtirib qo‘yma. Qiliq qilmay, hoziroq chiq! Senga nima bo‘lgan, o‘zi? – Hech narsa, oyi. Yaxshi qoling. Biz kechroq qaytamiz. Enn va Sesi bahor oqshomi qo‘yniga otilib chiqishdi.
***
Raqs maydoni gavjum. Bunda ulug‘vor, serhasham qanotlari qatini asta yoyib yuborgan kabutarlar, tovuslar o‘ynaydi, ko‘zni quvontiruvchi rango-rang shu’la, bari jam bo‘lgan. Shularning ichida Enn Liri sarmast bo‘lib, gir aylanadi. – Qanday mo‘‘jizali oqshom-a! – o‘yladi Sesi. – Mo‘‘jizali oqshom! – dedi Enn. – Juda g‘alatisan-a, – dedi Tom. Musiqa sadolari ularni tumanli girdobi-la chulg‘ab olib, qo‘shiq ohangi ichida oqizib ketdi. Ular chayqalib-chayqalib suzishdi, bir cho‘kib, bir ko‘rinib, har ko‘ringanda bir qultum nafas olib, bir-birlariga yopishib oqishdi va yana, “Go‘zal Ogayo”ning ohanglariga cho‘mib, shivirlashib, xo‘rsinishib, girdikapalak bo‘lishdi. Sesi hirgoyi qildi. Enn dudoqlarini ochganda, ohang quyilib keldi. – Ha, men g‘alatiman, – javob qildi Sesi. – Sen o‘zingga o‘xshamaysan, – dedi Tom. – Bugun shunaqaman. – Sen ilgarigi, men bilgan Enn Liri emassan. – Ha, ha, butunlay boshqaman, – shipshidi olis-olisdagi Sesi. – Butunlay boshqa, – beixtiyor takrorladi Enning lablari. – Men ham o‘zimni g‘alati sezyapman, – dedi Tom. – Nega? – Seni aytaman-da, – yigit o‘zini salgina orqaga tashladi va qizni aylantirgancha, qizarib, bo‘rsillab turgan yuziga qattiq tikildi. – Ko‘zlaring. tushunolmay qoldim. – Meni ko‘rayapsanmi? – dedi Sesi. – Sen go‘yo shu yerdasan, ayni vaqtda qaerdadir, juda olisdasan, – Tom tashvishga tushib, qizni avaylab aylantirdi. – Ha. – Nega men bilan kelding? – Kelmoqchi emasdim, – javob qildi Enn. – Nega endi? – Nimadir meni majbur qildi. – Nima? – Bilmayman, – dedi Enn yig‘lamsirab. – Tinchlan, tinchlan. – shivirladi Sesi. – Mana shunday, aylan, aylanaver. Ular nimqorong‘i maydonchada shitirlab, shipillab parvoz qilishdi, yana qo‘nishdi, yana musiqaga burkangancha chirpirak bo‘lishdi. – Shunday bo‘lsayam sen raqsga kelding, – dedi Tom. – Keldim, – dedi Sesi. – Endi, bo‘ldi, – yigit aylangancha qizni chetga, eshik tomonga surib bordi, hech kimga sezdirmasdan uni raqs maydonchasidan, musiqadan va odamlardan tezgina nari olib ketdi. Ular aravaga chiqib, yonma-yon o‘tirishdi. – Enn! – dedi yigit va titroq qo‘llari bilan qizning qo‘llarini tutdi. – Enn! Lekin u qizning ismini shunday aytdiki, go‘yo bu ism uniki emasdi. Yigit qizning oqarib ketgan yuziga tikilib qaradi. – Enn, o‘zing bilasan, men seni sevardim, – dedi u. – Bilaman, – Lekin, sen doim shunaqa beqarorliging sababli kuyib qolishni istamasdim. – Hechqisi yo‘q, bizlar hali yoshmiz, – dedi Enn. – Yo‘q. Yo‘q! Men “Meni kechir”, demoqchiydim, – dedi Sesi shoshib. – Nimani kechiraman? – Tom uning qo‘llarini qo‘yib yubordi va sergak tortdi. Tun iliq. Har tarafdan yerning titroq nafasi ufurib turibdi, ko‘karib qolgan daraxtlar shitirlayotgan yaproqlari ila sokin nafas olayapti. – Bilmadim, – dedi Enn. – Yo‘q, bilaman! – dedi Sesi. – Sen dunyoda eng baland, eng chiroyli yigitsan. Bugungi kecha ajoyib bo‘ldi, meni uni sen bilan o‘tkazganimni bir umr eslab qolaman, – dedi Sesi va birovning sovuq qo‘llarini yigitning qarshilik ko‘rsatayotgan qo‘llariga uzatdi, ularni mahkam tutib siqdi, isitdi. – Senga bugun nima bo‘ldi? – dedi Tom tushunolmay. – Hali undoq deysan, hali bundoq, o‘zing o‘zingga o‘xshamaysan. Men seni, eski tanishligimiz hurmati, raqsga taklif qiluvdim. Avvaliga shunchaki aytdim. Keyin, quduq oldida turganimizda, sen o‘zgarganingni, judayam o‘zgarganingni sezib qoldim. Boshqacha bo‘lib qolganding. Nimangdir o‘zgacha, yangi. muloyimlikmi. – U so‘z axtarib topolmadi. – Bilmadim, aytolmayapman. Nigohing boshqacha edi, ovozing ham. Bildimki, men seni yana sevib qoldim. “Uni emas, – dedi Sesi, – meni!” – Men seni sevishdan qo‘rqaman, – davom etdi yigit. – Yana azob berasan. – Ehtimol, – dedi Enn. “Yo‘q, yo‘q, men butun qalbim bilan sevaman! – o‘yladi Sesi. – Enn, unga ayt, men uchun ayt. Ayt, butun qalbim bilan sevaman, de!” Enn hech nima demadi. Tom qiz tomonga sekingina surildi, uning dahanini muloyimlik bilan tutdi. – Men ketayapman. Ishga joylashdim, bu yerdan yuz mil narida. Meni sog‘inasanmi? – Ha! – deyishdi Enn va Sesi birgalashib. – Xayrlashuv oldidan seni o‘psam bo‘ladimi? – Ha! – dedi Sesi “birov”lardan oldinroq. Yigit lablarini begona lablarga bosdi. Qaltirab, begona lablardan bo‘sa oldi. Enn bo‘lsa, oppoq haykaldek o‘tirardi.

#Qo'rqinchli voqealar#24#bredberi#bahor#sehrgari#hikoya#3qism
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика