#

Rey Bredberi. Bahor sehrgari (hikoya) 2-qism

Xuddi uning so‘ziga javob bergandek, yo‘ldan ot tuyog‘ining dupuri va g‘ildiraklarning shag‘alga tegib g‘ijirlashi eshitildi. Arava ko‘rindi, ustida gavdali yigit, kuchli qo‘llari jilovni mahkam tutgan, jilmayishi esa hamma yoqni yoritib yuborgandek bo‘ldi. – Enn! – Senmisan, Tom? – Men bo‘lmay, kim bo‘lardi? – U sakrab tushib, jilovni panjaraga bog‘ladi. – Men senga aytmayapman! – Enn keskin teskari qarab olganidan chelakdagi suv chayqalib ketdi. – Yo‘q! – xitob qildi Sesi. Enn shoshib qoldi. U uzoqdagi tepaliklarga, birinchi bahor yulduzlariga, so‘ngra Tom ismli erkakka tikildi, Sesi chelakni tushirib yuborishga majbur qildi. – Qara, nima qilib qo‘yding! Tom yugurib keldi. – Qara, seni deb bo‘ldi! Yigit kulganicha qizning tuflisini dastro‘moli bilan arta boshladi. – Nari tur! Qiz oyog‘i bilan yigitning qo‘llarini turtib yubordi, u bo‘lsa, hamon kulardi. Sesi o‘rnashib olgan joyidan turib yigitning kattakon boshini, keng peshonasini, qirg‘iy burnini, charaqlagan ko‘zlarini, keng yag‘rini va tuflini artayotgan kuchli qo‘llarini ko‘rdi. Chiroyli boshchaning chordog‘idan turib pastga qararkan, Sesi qiz qalbining yashiriqcha torlarini chertdi, shu zahoti lablar ochilib, o‘z-o‘zidan so‘zga keldi: – Rahmat. – Ie, muloyim bo‘lib qolibsanmi? Yigitning qo‘llaridan ko‘tarilayotgan egar-jabduq isi, kiyimlariga singib ketgan otxona hidi nozik dimoqqa urilganda, Sesining vujudi – uzoq-uzoqlarda, qorong‘i dalalar va gullagan o‘tloqlar ortidagi o‘rnida yotgan jismi tush ko‘rayotgandek bezovtalanib qo‘ydi. – Faqat, sen bilan emas! – javob qildi Enn. – I-i, muloyimroq gapir, – dedi Sesi. Enning barmoqlari o‘z-o‘zidan tomning sochlari orasiga kirdi. Enn qo‘lini tortib oldi: – Esimni yeb qo‘yibman! – To‘g‘ri! – yigit jilmayib ham hayron bo‘lib bosh irg‘adi. – Boshimni silab qo‘ymoqchimiding? – Bilmayman! Ket, ket! – qizning yonoqlari laxcha cho‘g‘ bo‘lib yonardi. – Nega qochib ketmayapsan? Men ushlab turganim yo‘q-ku! – Tom o‘rnidan turdi. – Aynadingmi? Bugun men bilan raqsga bormaysanmi? Zarur gapim bor, keyin aytaman. – Yo‘q, – dedi Enn. – Ha! – xitob qildi Sesi. – Men hech qachon raqs tushmaganman, lekin istayapman! Men hech qachon uzun, yaltiroq ko‘ylak kiymaganman. Shunday ko‘ylagim bo‘lishini juda istayman! Tun bo‘yi raqs tushgim kelyapti. Men hech qachon o‘yinga tushgan ayol jismida bo‘lmaganman, oyim va dadam bir marta ham ruxsat berishmagan. It, mushuk, chigirtka, yaproqlar – hammasida bir-bir bo‘lganman, lekin bahor oqshomida, mana shunday oqshomda, ayol qiyofasiga kirmaganman. O‘tinaman, raqsga boraylik! Qizning fikri oydinlashib, yuzlari yorishdi, tarang tortildi. – Yaxshi, – dedi Enn Liri. – Sen bilan raqsga boraman, Tom. – Endi, uyga! Yugur! – xitob qildi Sesi. – Hali, ota-onangdan ruxsat so‘rashing, cho‘milib olishing, kiyimlaringni dazmollashing kerak. Qani, bo‘laqol tezroq! – Oyi, – dedi Enn, – men o‘ylab ko‘rdim. Arava yo‘l bo‘ylab uchib ketdi, ferma atrofidagi uy bekalari g‘imirlab qolishdi, cho‘milishga tayyorlangan suv qaynab, pech ustidagi dazmol qizib ketdi. Qizning onasi lablariga soch to‘g‘nag‘ichlarni qistirib olib, u yoqdan bu yoqqa yuguradi. – Nima balo, bir pasda o‘zgarib qolding, Enn? Tomni yoqtirmasding-ku! – To‘g‘ri. – Shuncha tayyorgarlikni qilib qo‘yib, Enn birdaniga joyida qotib qoldi. “Bahor keldi-ku!” – o‘yladi Sesi. – Bahor keldi, – dedi Enn, sekingina. “Raqsga tushadigan mo‘‘jizaviy oqshom”, – o‘yladi Sesi. – Raqsga tushadigan. – g‘o‘ldiradi Enn Liri. Endi, qiz tog‘ora ichida, lo‘ppi sovun uning oppoq yelkasida o‘ynab ko‘piradi, qo‘ltiqchalariga kirib olib, chiqqisi kelmaydi, iliqqina siynasi kaftlari orasida sirpanib, qitig‘ini keltiradi. Sesi ham tinch turmay, lablarni pichirlashga majbur qiladi. Qiz sovun surib bo‘lib, ishqalandi, yuvindi, chayindi. Endi yetar, tur! Sochiqni ol, artin! Atir! Upa! – Hoy qiz! – dedi Enn katta ko‘zgudan qarab turgan chinniday oqbadan, guldek yashnab turgan qizga. – Sen bu oqshom kimsan, o‘zi? – O‘n yetti yoshli qiz, – dedi Sesi qizning binafsha ko‘zlaridan mo‘ralab. – Sen meni ko‘rmayapsan. Men bu yerdaligimni bilasanmi? Enn Liri bosh chayqadi. – Ichimga bahor sehrgari kirib olganga o‘xshaydi. – Qaynoq! Ehtirosli! – deb kuldi Sesi. – Endi kiyin! Hayot nafasi ufurib turgan badanni chiroyli kiyimlar o‘rab olishi qanday yaxshi-ya! Ana, chaqirib kelishdi. – Enn, Tom keldi. – Ayting, kutib tursin. – Enn birdaniga o‘tirvoldi. – Aytib qo‘yinglar, men raqsga bormayman. – Nimalar deyapsan? – dedi onasi ostonada qotib. Shu onda Sesi joyini egalladi. U xatarli bir lahzagagina Enning jismini tark qilgan edi. Uzoqdagi tuyoq tovushlarini, oydin yo‘ldagi g‘ildiraklarning g‘irchillashini eshitib: “Qani, Tomning diliga kirib ko‘ray-chi, yigirma ikki yashar yigit bunday oqshomda nimalarni o‘ylayotganiykin?” degandi. Shunday deb, u supirgizor ustidan uchib ketdi, lekin shu zahoti qaytib, o‘z oshiyoniga kirgan qushdek, Enn Lirining diliga tipirchilab, o‘rnashib oldi.

#Daxshatli voqealar#114#bredberi#bahor#sehrgari#hikoya#2qism
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика