#

Rey Bredberi. Bahor sehrgari (hikoya) 1-qism

Baland-balandda: tog‘lardan ham yuksakda, yulduzlarning naq ostida, daryolar, dengizlar, yo‘llar ustidan Sesi uchib boradi. Erta bahor yellari kabi nozik, kechki o‘tloqdagi maysaning xushbo‘y isi kabi mayin Sesi. U oppoq va momiqday yumshoq parlarga o‘tirgancha parvoz qildi, yo‘l-yo‘lakay daraxtlarga qo‘nib, xordiq chiqardi, gullar ichiga kirdi, yengilgina shabadani bahona qilib, gul yaproqchalarini o‘zi bilan olib qochdi. Yiltillab turgan ko‘lmak yonidagi yalpizdek sovuq, badbashara, yam-yashil baqa ichida ham bo‘ldi. Baroq it bilan birga yugurib, vovilladi, omborxonalar oralig‘ida aks sado ketidan quvalashdi. Charchaganida nozik maysalar ichidan oshiyon topdi, mushki anbar taratayotgan tuproqdan chiqqan, ko‘z yoshlaridek tiniq shudringdan makon izladi. “Bahor. – o‘yladi Sesi. – Shu tunda borliq mavjudot ichiga kirib chiqaman.” U, saqichi erib, ola-chalpoq bo‘lib yotgan yo‘l ustidagi po‘rim chigirtka vujudida bo‘ldi, temir panjaraga qo‘ngan shabnam tomchisida cho‘mildi. Bu kecha qiz roppa-raso o‘n yettiga to‘ldi. Uning ruhi daqiqa sayin tuslanib, Illinoys shamollarida hech kimga ko‘rinmay uchib yuribdi. – Sevib qolgim kelyapti, – dedi u. Qiz bu gapni kechki ovqat vaqtidayoq aytgandi. Ota-onasi bir-biriga hayron qarab, qovoq uyishdi. – Sabr qilish kerak, – deyishdi ular. – Esingdan chiqmasin, sen boshqalarga o‘xshamaysan. Bizning oila o‘zgacha, boshqalarnikiga o‘xshamaydi. Biz oddiy odamlar bilan qo‘shilib ketishimiz mumkin emas, ular bilan turmush qurish esa – aslo! Yo‘qsa, biz sehrli kuchimizdan ayrilib qolamiz. Qani, o‘zing ayt-chi, mo‘‘jizaviy sayohatlar qilish tuhfasidan voz kechishni istaysanmi? Ha, indamaysan-a? Shuning uchun ehtiyot bo‘lib yur. Qadamingni o‘ylab bos! Sesi o‘z yotog‘iga chiqib, kechki pardozini qildi, yuragi dirillab, hayajonlanib, to‘shagiga yotdi. Illinoys dalalari osmoniga esa sutdek oymuma suzib chiqib, daryolarni qaymoqqa, yo‘llarni kumush tasmaga aylantirib yubordi. – Ha, – deb xo‘rsindi qiz, – men o‘zgacha oiladanman. Biz kunduzi uxlab, tunlari qora qog‘ozdan yasalgan varrak kabi shamolga erkimizni beramiz. Agar xohlasak, ko‘rsichqon bag‘riga joylashgancha, issiqqina yer quchog‘ida qishlay olamiz. Men har narsaning ichida, maydagina toshdayam, kukundayam yoki beshiktervatarda ham yashay olaman. Mana, shu yerda jismim qobig‘ini qoldirib, ruhimni uzoq-uzoqlarga, sarguzasht izlab, uchirib yubora olaman. Ke-etdi-im! Shamol uni dalalar va o‘tloqlar ustidan uchirib ketdi. Pastdagi uylar bahorning erkalatuvchi yog‘dusi bilan shu’lalanib, darchalar qizg‘ish tus oldi. “Modomiki, men shunaqa g‘alati va ko‘z ilg‘amas mavjudotman, o‘zim sevishim mumkin emas ekan, unda boshqa birov orqali sevganim bo‘lsin!” – dedi u o‘zicha. Bahorning g‘ira-shira oqshomida o‘n to‘qqiz yoshlardagi, qopqora sochli bir qiz, ferma oldidagi cho‘nqir tosh quduqdan suv olgani keldi. U qo‘shiq aytardi. Sesi yam-yashil yaproq qiyofasida quduqqa tushib ketdi. Yumshoqqina yo‘sin ustida cho‘zilib, muzdek quduq ichidan tepaga qaradi. Bir zumda u ko‘zga ko‘rinmas, tinib-tinchimas amyoba ichiga joylashib oldi va yana bir ondan so‘ng tomchi suvga qo‘shilib ketdi! Ana, muzdek yog‘log‘i uni qizning qaynoq lablari tomon olib borayapti! Sokin oqshom havosida yumshoqqina “qult-qult” etgan tovush taraldi. Endi, Sesi tevarakni qizning ko‘zlari bilan ko‘ra boshladi. Tim qora sochlar bilan burkangan boshga o‘tdi va uning charaqlagan ko‘zlari yordamida dag‘al arqonni tortayotgan nozik qo‘llarga tikildi. Qulog‘ining nozik, qizg‘ish chanoqlari bilan qiz atrofidagi borliqni eshitdi. Nozik burni orqali notanish muhit hidini tuydi. Yosh yurak qanchalik tekis va kuchli urib turishini, begona ovozda kuylash qanaqa bo‘lishini his qildi. “Men bu yerdaligimni bilarmikin?” – o‘yladi Sesi. Qiz og‘zini ochgancha, qop-qora o‘tloqqa tikilib qoldi. – Kim? Javob yo‘q. – Bu, bor-yo‘g‘i shamol, – shivirladi Sesi. – Bor-yo‘g‘i shamol. – qiz sekingina kuldi, lekin uni vahima bosayotgandi. Qizning badani ajoyib ekan! Nozik qobirg‘alarni mayin jism o‘rab olgan. Bosh miyasi, misoli zulmatda yashnab turgan yorqin atirgul, og‘zidan yengil sharobning muattar bo‘yi taraladi. Tarang lablari ostidagi tishlari oppoq, qoshlari qayrilma, muloyim sochlari sutdek oq bo‘ynini erkalab siypalaydi. Burni g‘urur bilan tepaga – Oyga qaraydi, yonoqlari bir juft tandir singari lovillaydi. Yurganida badani nozik dirkillab, o‘zicha qandaydir qo‘shiq aytayotgandek bo‘ladi. Ana shunday badan ichida, bosh ichida yurish – issiqqina tanchaga burkanib o‘tirish, shiringina uxlab yotgan mushukning “xur-xur”iga qo‘shilib ketish yoki dengizga oshiqayotgan irmoqning iliqqina suvini shaloplatib cho‘milishdek yoqimli. “Men juda yaxshi o‘rnashib oldim” – o‘yladi Sesi. – Nima? – dedi qiz, xuddi tovushni eshitgandek. – Isming nima? – ehtiyotkorlik bilan so‘radi Sesi. – Enn Liri, – qiz seskanib ketdi. – Nega men tovush chiqarib aytdim? – Enn, Enn, – shivirladi Sesi. – Enn, sen sevib qolasan!

#Qo'rqinchli voqealar#29#bredberi#bahor#sehrgari#hikoya#1qism
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика