#

MURDANING QO’LI (mutolaa uchun)

Bir kuni kechqurun, bundan sakkiz oy muqaddam, do‘stimiz Lui R.ning xonasiga bir kecha sobiq sinfdoshlar yig‘ildik. Punsh ichdik, chekdik, adabiyot va rassomlik san’ati haqida gap sotdik, odatda yoshlarning gurunglarida aytiladigan hazil-mutoyibalar bo‘ldi. Bir payt tuyqusdan eshik lang ochilib, bolalikdagi bir do‘stim xonaga quyunday bostirib kirdi.
— Xo‘sh, qani kim aytadi, men hozir qaerdan keldim, — qichqirdi u.
— Garov o‘ynashim mumkin, Mabildan! — dedi kimdir.
— Yo‘q, ko‘rinishingdan kayfing chog‘, harqalay, biror joydan qarzga pul undirgansan yo buvangni dafn etib qaytdingmi? Ha, topdim, soatingni garovga qo‘ygansan, mo‘ljalingdagi narxda, — dedi boshqasi.
— Meningcha, sen jinday otgansan, — dedi uchinchisi.
—Luinikidagi punshning hidini olib, tomog‘ingni yana ho‘llaging kelib qolgan.
— Yo‘q, topolmadinglar, men P.dan keldim. Normandiyadagi P.dan. Bir hafta bo‘ldim u yerda, mana o‘zim bilan birga birodarimniyam olib keldim, ruxsat eting, janoblar, uni sizga tanishtiray! U shu so‘zlarni aytib cho‘ntagidan terisi shilingan odam qo‘lini chiqardi. Qo‘l nihoyatda qo‘rqinchli edi: qop-qora qurib qolgan barmoqlari uzun, mayishib ketganga o‘xshardi. Favqulodda baquvvat mushaklarning yuqori va quyi qismida shilinmay qolgan, pergamentga o‘xshab ketadigan teri parchalari taram-taram, barmoqlarining uchidan sarg‘imtir o‘tkir tirnoqlar turtib chiqib turardi. Bu manzaradan shundoqqina jinoyatning hidi anqirdi.
—Tasavvur qiling, — hikoya qila boshladi do‘stim, — yaqinda viloyatga dong‘i ketgan bir qari jodugarning qo‘qir-so‘qirlarini sotishdi. Jodugar har haftaning shanbasida supurgisiga minib, jinlar bazmiga otlanar, jodugarlik bilan shug‘ullanar ekan: sigirlarga kinna solganida jonivorlarning suti ko‘m-ko‘k ko‘karib, dumlari xuddi avliyo Antoniyning nadiminikiday tikkasiga buralib ketarkan. O‘sha qari alvasti mana shu qo‘lga juda mehr qo‘ygan ekan. Uning aytishicha, bu qo‘l o‘zining qonuniy xotinini boshi bilan quduqqa tashlab yuborgani (darvoqe, buni shaxsan men jinoyat deb hisoblayman) va bungacha o‘zlarini nikohlagan ruhoniyni jomning arqoniga osib o‘ldirgani uchun 1736 yili qatl etilgan dong‘i ketgan bir kallakesarga mansub emish. Ana shu qo‘shaloq jasoratni amalga oshirganidan so‘ng bu muttaham behad og‘ir jinoyatlarga qo‘l uradi, o‘zining xiyla qisqa va ayni paytda sarguzashtlarga to‘lib-toshgan umri mobaynida yuzlab sayyohlarni shiladi, monastirda yigirmatacha ruhoniyni tutunga qamab bo‘g‘ib o‘ldiradi, ayollar monastirini haramga aylantiradi.
— Nima qilmoqchisan bu jirkanch matohni? – deb so‘radik biz.
— He, jin ursin, ijarachilarni bir qo‘rqitay. Buni men eshikning qo‘ng‘irog‘iga dastak qilib boylab qo‘yaman.
— Do‘stim, — dedi novcha, tepsa tebranmas ingliz Genri Smit, — ko‘p hovliqaverma, menimcha, bu qo‘l yangicha usulda konservalangan go‘sht, xolos. Men senga undan sho‘rva qaynatishni maslahat beraman.
— Hazilni bas qilinglar, janoblar! — dedi shirakayf talaba-tabib sipolik bilan norozi ohangda. — Sen esa, Per, mening oqilona maslahatimga quloq osgin-da mayitning bu a’zosini masihchasiga dafn etgin, aks holda egasi qo‘lini qidirib senga yo‘liqadi: boz ustiga, qo‘lning egasi manfur odatini takrorlasa ham ajab emas, axir, o‘zing bilasan-ku «tarki odat — amri mahol».
— Ha, tarki odat — amri mahol! Ichgan — tag‘in ichadi! Qani oldik! – deya quvvatladi uy egasi va talabaga katta qadahni to‘latib punsh quydi. U qadahni bir ko‘tarishda bo‘shatdi-yu, kayfi oshib stolning tagiga qulab tushdi, xonada qiyqiriq ko‘tarildi. Per qadahni ko‘tarib, mulozamat qilganday qo‘lga xiyla engashib, dedi:
— Sening egang bilan bo‘lajak uchrashuv uchun ichaman! Shundan so‘ng suhbatimiz boshqa mavzuga ko‘chdi va oradan ko‘p o‘tmay hamma uy-uyiga tarqaldi. Ertasi kuni, soat ikkilarda men Per yashaydigan uyning oldidan o‘tayotib, birrov kirdim.
— Xo‘sh, qalaysan? – deb so‘radim undan.
— Zo‘r, — dedi u.
— Qo‘l qaerda?
— Qo‘lmi? Nima ko‘zing tushmadimi, kecha kechqurun uyga kirayotib qo‘ng‘iroqning ipiga osib qo‘ygandim. Ha, tasavvur qilasanmi, allaqanday telba yarim oqshom qo‘ng‘iroqni rosa jiringlatsa bo‘ladimi, harqalay, kimdir birov beboshlik qildi chog‘i, men kimsan, deb chaqirdim, hech kim javob bermadi, keyin to‘shakka cho‘zilib qotib uxlab qolibman. Shu payt qo‘ng‘iroq jiringladi. Bu uyning xo‘jayini — qo‘pol, yoqimsiz bir nusxa edi. U xonaga tumtaygancha kirib keldi, hatto hol so‘rashni ham o‘ziga ep ko‘rmadi.
— Hurmatli janob, — dedi u do‘stimga, — bu o‘limtikni darhol yo‘qotishga ruxsat eting, aks holda sizni xonadan chiqarib yuborishga majburman.
— Marhamatli janob, — favqulodda jiddiy ohangda javob berdi Per. — Siz qo‘lni haqorat qildingiz, axir, u bunga munosib ish qilgani yo‘q-ku. Bilib qo‘ying, bu qo‘l bag‘oyat axloqli insonga mansubdir. Xo‘jayin burilib, xayrlashmasdan chiqib ketdi. Per uning ortidan borib qo‘ng‘iroqdan qo‘lni yechib oldi va uni to‘shagining ustidagi qo‘ng‘iroq ipiga ildirib qo‘ydi.
— Mana shu yerda turgani ma’qul, — dedi u. — Bu qo‘l xuddi tirranchalar: «Birodarlar, o‘lishga to‘g‘ri keladi», deganlariday, har oqshom uyqu oldidan meni jiddiy fikrlarga undaydi. U bilan bir soatcha o‘tirib, uyga qaytdim. Kechasi uyqum qochdi, hayajonlandim, asabim buzildi, bot-bot bosinqirab uyg‘onib ketdim. Bir mahal allakim bosh uchimda qaqqayib turganday tuyuldi, vahima bosdi, o‘rnimdan irg‘ib turdim, karovatning tagiga qaradim, shkafni ochdim. Nihoyat, soat oltilar edi chamasi, ko‘zim ilinibdi, biroq eshik shunaqangi vahimali taqillasa bo‘ladimi,

1 2 3 »

#Daxshatli voqealar#392#murdaning#uchun
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика