#

Jarlikda o`qilgan nikoh(mistika)

Bu voqeani menga so`zlab berishayotganidayoq, zamonaviy og`zaki ijodga mansub mistik voqelik ekanini payqadim. Odatda og`izdan-og`izga ko`chib yuradigan sirli va qo`rqinchli voqealar mistikaga yo`yiladi. Ehtimol, shundaydir, ammo men qishloq chetidagi jarlikda o`qilgan nikoh haqida eshitib, unda boshqa bir narsani ko`rdim. Aytmoqchi bo`lganim, ramziylik ortidagi tarix edi.
***
Voqea oq eshak mingan oq soqolli bir cholning allaqayoqdan kelib, soy yaqinidagi so`qmoqdan o`z qishlog`iga o`tib ketayotganidan boshlangandek tuyuladi kishiga. O`sha damda qop-qora bulut shimoldan paydo bo`ldi-da, qishloq ustida to`xtab qoldi. Soy bo`yida mol boqib yurgan bolalar yomg`ir sharros quyib berishini anglab, qo`y-mollarini qishloqqa haydab qochdilar. Faqat uch qiz bir-birlariga sirlarini aytib, buloq boshida uzoq qolib ketishdi. Ular yomg`ir nafasidan emas, tomirlarida jo`sh urayotgan telbavor ishqdan mast edilar. Har biri nargiz guli kabi o`ziga mahliyo edi, har biri faqat o`zi baxtli bo`lishiga, faqat o`zi haqiqiy muhabbatiga erishishiga ishonardi. – Qayoqqa ketayapsizlar, ona qizlarim? – deb so`radi oq soqolli bobo ular hali buloqqa tushmaslaridan burun. – Buloq boshiga tushmoqchimiz, – deb javob berishdi qizlar. – Huv anavi erda, pastlikda, shundoqqina soy bo`yida buloq bor. – Qishloqda birorta erkak yo`qmi quduq-puduq qazib, suv chiqarib beradigan? – Arteziandan suv chiqib turgandi. Lekin bugun svet yo`q, demak, suv ham yo`q-da, bobojon. – Yo`q-yo`q deysizlar, – eshagini to`xtatdi chol. – Ayb kimda? – Ayb? – kulib yuborishdi qizlar. – Shu ham aybmi? Umuman olganda, ayb bizda emas. – Suvning yo`qligi madaniyatning orqaga ketishi, – dedi chol. – Sizlar esa shu madaniyatning orqaga ketishini yanada tezlatib pastlikka qarab tushayapsizlar. Suvni qishloqdan topa bilish kerak. Aqlni ishlatinglar. – Rahmat, bobojon, suvni kelgusi safar qishloqdan topamiz, – deb qizlar g`alati cholni ortda qoldirib, soy tomon chopqilab ketishdi. Chol ham o`z yo`lida davom etdi. Xursandoy ro`molini echib, qaytadan tang`idi. Loyqalanib oqayotgan soyga, so`ng bulutlarga ko`z yugurtirdi. Soyning narigi tomonidagi tepalikda tashvishli manzarani ko`rdi: hozirgina o`ynab yurgan bola va u boqayotgan qizil sigir ham tepalik oshib, ko`zdan yo`qolgan edi. – Hamma qochib ketdi, – dedi Rayhon peshonasini tirishtirib. – Yomg`ir yog`masdan biz ham choramizni ko`raylik, dugonajonlar. Do`nglik ustida o`tirgan Xursandoy o`rnidan turib, chor tarafga ko`z yugurtirdi. – Yomg`irda qolsak bormi, yo`l shiltaga aylanib, bu qiyalikdan chiqolmay qolamiz. – Ketdik, – deya Rayhon chelaklariga qo`l uzatdi. Soy suviga termulib o`tirgan Osiyo soyning narigi tomonidagi, shimolroqdagi qamishlar bilan to`silgan jarlikka sehrlangancha qarab qoldi. – Uzoq-uzoqlarga ketgim kelayapti, – dedi u. – Ketmay o`l! – birdan tutaqdi Xursandoy. – Yomg`ir yog`sa, tepaga chiqolmay, soy bo`yida qolib ketasan deyapman! Boyagi oq eshak mingan bobo bekorga bizning ovloqda yurishimizni yomon ko`rmadi. Ular chelaklarini ko`tarib, tepalik sari yurishdi. Shu payt osmon qarsillab yorildi-yu yomg`ir sharros quyib berdi. Buloq bo`yidan tepalik boshigacha yuz qadamcha yuqorilash kerak edi. Qizlarning qarshisidan sariq loy aralash suv oqib keldi. Uchalasi ham birin-ketin toyg`onib yiqildi. – Endi nima qilamiz, qizlar, – yig`lamsiradi ust-boshi loyga belangan Osiyo. Yomg`ir kuchaydi. Soy quturib toshib, buloq joylashgan «yarim orol»ni ham suv bosib, uchalasini oqizib ketadigandek edi. Qizlar chelaklarini tashlab, o`zlarini qutqarish payida yuqoriga qo`shqo`llab tirmashdilar. So`qmoq chetidagi yantoq ildizlari jonga ora kiradigandek tuyular, ammo qorin bilan yotib ham yuqorilab bo`lmasdi. Yomg`ir chelaklab quya boshladi. Tevarak quyuq bulutlar soyasida yanada vahimali manzara kasb etdi. Shuncha vahima etmagandek soy suvi haqiqatan ham o`zanidan toshib chiqdi. Buloqning tip-tiniq ko`zi bir zumda loyqa bo`tana ostida qolib, chelaklarni yamlamay yutib yubordi. Suv uch qizning naq oyoqlari ostida mavjlanardi. Sho`rliklar so`qmoq poyida erga qapishgancha qichqirishar, yordam so`rashar, lekin qishloq tepada qolgan, soy bo`yida ne voqealar yuz berayotganidan dunyo ahli bexabar edi. Nimadir yalt-yult etdi-yu soyning narigi tomonidagi tol lovillab o`t oldi. Qizlar endi esdan og`ib qolgandek chinqirishar, jon holatda yuqoriga talpinishar, ammo loy oqimiga qo`shilib, yana eski joylariga qaytib tushishardi. Undan ham pastroqqa sirg`anib ketishsa bormi, bo`tana ostida qolgan «yarim orol»da hukm surayotgan toshqin yutib yuborib, halok etishi hech gap emasdi. Poda boqadigan bolalar bu erni bekorga «Chiqolmas soy» deb atashmas ekan. Har bir qizning ko`ziga faqat o`z joni ko`rindi. O`lim sharpasi charx urdi. «O`ldim» deb o`yladi har biri. Oq soqolli chol ham allaqachon bu erlardan uzoqlashib ketgandi. Shu lahzada Osiyoning qulog`iga soy tomondan ovoz eshitilgandek tuyuldi. Ko`p o`tmay ovoz takrorlandi va kimdir mayin ohangda cho`zib-cho`zib: «O-si-yo-yo! O-si-yo-yo! » deb chaqirdi. U qalt-qalt titragan ko`yi quturib oqayotgan soyga tikildi: hech kimni ko`rmadi. – Meni birov chaqirayapti, – dedi u joni bo`g`ziga kelib. Qizlar uning gapini eshitmadi. – Chaqirayapti! – ho`ng`rab yig`ladi Osiyo. U dahshat ichra yana ortiga o`girilganida, yonayotgan daraxt yonida qo`l siltayotgan, aniqrog`i, imlab chaqirayotgan yigitni ko`rdi. Oq ko`ylak, qora shim kiygan, boshida do`ppi, xuddi kuyov yigitga o`xshardi. Qo`lida qandaydir qizil mato bor edi. Osiyoning qo`llari shalvirab, ko`zining oqi ko`rindi.
***
Ko`zini ochganida

1 2 3 ... 6 »

#Qo'rqinchli voqealar#120
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика