#

Ajinoyoqdagi sham yog`dusi

“Eshitgan bo`lsangiz, bobolarimiz, momolarimiz gohida “O`zi u er xosiyatsiz, duo o`qib turish kerak”, deya ayrim sirli joylar gapirib qoladi. Bizning qishlog`imizda ham xuddi shunday joy bor edi. Nomi ham ajoyib — Ajinoyoq. — Bobo, Ajinoyoq nima degani? Burishib-tirishib qolgan, ajinli oyoqmi? — so`ragandim bir gal bobomdan. Bobom esa gapimdan soqollari selkillab kulgandi. So`ng esa degandi: — Ajin oyoqqa tushsa, hech kim ko`rmaydi. Ahamiyat ham bermaydi. Shuning uchun biror joyga bunaqa nom qo`yilishi ham gumon. Bu joyning asl nomi — Ajina oyoq. Menimcha, “Ajinaning oyog`i tekkan joy” degan ma`noni bersa kerak. Chunki u erda ko`pchilik g`alati voqealarga guvoh bo`lgan. — Qanaqa voqea bobo? — Kimdir ovoz eshitgan, boshqa birov sharpa ko`rgan. Ayrimlar qah-qaha ovozini ham eshitishgan. U erdan uzoqlashsang, bunaqa hodisalar bo`lmaydi. Faqat o`sha erda bo`lgani uchun ham nomi — Ajinoyoq. Bu gaplarni avval ham eshitganman. Har safar menda qiziqish uyg`otgan. Ajinoyoq bizning qishloq va unga tutash bo`lgan kichikkina Bog`li qishloqchasi oralig`ida joylashgan. O`sha qishloqcha bolalari bizning maktabga qatnab o`qishadi. Eng qizig`i, bu bolalarning birortasi yuqoridagi ajabtovur voqealarga duch kelishmagan. Shuning uchunmi, ulardan surishtirsam, bir xil gapni aytishadi: — Qo`ysang-chi, bu qo`rqoqlar chiqargan bahona. Ammo bobom bunday fikrda emas. — Bolalar maktabga yolg`iz kelishmaydi. Yana ular kechasi yurishmaydi. Ajinoyoqdagi voqealar asosan kechasi ro`y beradi, — deydi bobom ishonch bilan. Bu gapdan so`ng men ham ishongandek bo`laman. Lekin esimdan chiqib ketadi goho. Ana shunday, Ajinoyoqning mish-mishlari yodimdan ko`tarilgan damlar edi. — Bolam, Bog`liga borib kelsang-chi? — deb qoldi bobom yaqindagina qo`shni qishloqchani nazarda tutib. — Tinchlikmi? — Ortiq aka bor-ku! Sizlar Xo`rozqand bobo deysizlar. Bir paytlar xo`rozqand sotgan. O`sha bir qo`zili sovlig`ini sotayotgan ekan. Qo`shnimiz raisga telefon qilibdi. Rais “Olmayman”, dedi. Pul zarur bo`lgani uchun arzon berayotgan ekan. Olib qo`yaylik. Eshakni minib ol. Ortasan-u, olib kelasan. — Qo`zisi bor deyapsiz-ku! Ikkalasini orta olmayman. Yaxshisi, piyoda borib, etaklab olib kelaman, — dedim men. — O`zing bilasan. Pulga ehtiyot bo`l. Tezroq borib kel. Qorong`iga qolma, — dedi bobom kech tushayotganidan xavotiga tushib. — Boraman-u kelaman, — deya yo`lga tushdim. Odatda qo`ylarning qo`zichog`ini ko`tarib olsangiz, ortingizdan ergashib kelaveradi. Shunday qilaman, deb o`ylagandim. Ammo sotib olgan qo`yimizning qo`zisi ancha katta ekan. — Charchab qolasan, qo`yning bo`ynidan ip o`tkazib beraman, qo`zisi o`zi ergashadi, — dedi Xo`rozqand bobo. Ipni mahkam ushlab qo`lga tushdim. Sovliqning qo`zisi o`yinqaroq ekan. Dikonglab hali u yoqqa chopadi, hali bu yoqqa. Onasi esa unga ilhaq bo`lib yurmay qo`yadi. Ikki o`rtada men qo`yni sudrab qora terga botdim. Kech ham tushdi. Ajinoyoqqa etganmizda atrof zimiston edi. Telefonimning yoritgichini yoqib, yo`lda davom etdim. Kutilmaganda qo`y yurish o`rniga hurkib qochmoqchi bo`ldi. Sal narida turgan qo`zining ham qotib qolgani yonib turgan ikki ko`zidan ma`lum. “Nima bo`ldiykan?” deya atrofga alangladim. Yo`lning narigi tarafidagi daraxtzor ichida bir yog`du lipillab turardi. Xuddi kimdir sham yoqib turgandek. “Ko`zimga ko`rinyaptimi?” desam qo`y ham o`sha tomonga qarab qotib qolgan. Telefonimning yoritgichini o`sha tarafga qaratdim. Sham yongandek yorug`lik turibdi-yu, uni tutib turgan jonzot ko`rinmaydi. — Kim u? Kimdir bormi? — dedim bor ovozda. Tuyqus qiqirlagan ovoz eshitilgandek bo`ldi. Qo`y hurkdi. Qo`zichoq qochishga ulgurdi ham. — Yaramas, qo`zini qochirding! — dedim beixtiyor baqirib. Keyin birdan Ajinoyoqda turganim yodimga tushib, yuragim ortga tortdi. O`zim bilmagan holda kalima qaytarishga tushdim. Ishonasizmi, haligi sham yog`dusi lip etib so`ndi. Qo`yim ham o`ziga kelib ma`radi. Qo`zisi yoniga yugurib keldi. Uyga qanday etib kelganimni bilmay qolsam, deng. Rangimda qon qolmaganini ko`rib onam suv ichirdi. Lablarim atrofiga uchuq toshib ketgandi.”

#Qo'rqinchli voqealar#32
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика