#

Yangi uydagi “ovoz”

Ilgari men ko`zga ko`rinmas olam, bizning nigohimizdan pinhon mavjudotlar haqida eshitgan bo`lsam-da, aslo ishongan emasman. Ya`ni, bu to yoshim qirq sakkizga borgunicha davom etdi. Albatta, bu paytda men bitta qizimni chiqargan, o`g`il ham uylantirib bo`lgandim. Navbat ikkinchi o`g`limning boshini ikkita qilishga etgandi. Bu o`g`lim dangal gapiradigan, sho`x-shaddod bo`lgani uchun qiz qidirishga tushgan vaqtimizdayoq dedi: — Dada, oyi, men uylansam bu hovliga tiqilib qolamiz. To`yimgacha, akamga hovli bo`lmasayam ko`p qavatli binolarda uy olib bering. — Namuncha. Hali uylan, bola-chaqali bo`l, hovliga sig`may qol-chi! Ana undan keyin sening ro`zg`oringni bo`lak qilib yuboraman! — dedim negadir g`ashim kelib. O`zi yoshligimdan kelin-kuyovlarning “Ro`zg`orimni bo`lak qiling”, deb janjal qilishlarini yoqtirmasdim. Bu o`g`lim esa hali to`yi bo`lmasdan, akasini uydan quvlash payida. Otasi negadir o`g`lining yonini oldi: — To`g`ri aytyapti, o`g`ling. Hali yana kichkinamiz ham bor. Hammasini uyli-joyli qilish kerak. Hozirdan o`ylamasak, qachon o`ylaymiz? — To`y qilasizmi, uy olasizmi? — dedim asabiylashib. — Buni bekorga aytayotganim yo`q, — jiddiylashdi boyagi o`g`lim. — Ishxonamizdagi bir akaxon aytdi. Yonlaridagi uydan bir xonalisi sotilayotgan ekan. Narxi juda arzon. Shuni amallab olib qolsakmi, degandim. Ja bo`lmasa mashinani sotaylik. Shundoq ham hech kim haydamayapti. Shuning puliga ham berishi mumkin uyni. — Unda surishtir-chi? — bu gap otasiga juda ma`qul tushdi. Ertasigayoq ular uyni surishtirishga kirishib ketishdi. — Mashinaga xaridor topish kerak. Yaxshigina uy. Yana ikki xonali, onasi. Senam borib ko`r, — dedi turmush o`rtog`im. Mashinaga xaridor topilib, uyni olishimiz aniq bo`lgach, menam borib ko`rdim. Haqiqatan ham uy yaxshi, narxi ham arzon edi. Ochig`i, bundan taajjubga tushib erimdan so`radim: — Nega buncha arzon sotyapti ekan? Turmush o`rtog`im esa “jim” degandek imlab, so`ng pichirladi: — Hozir narxni oshirib yuboradi, keyin o`lasan. — Biror aybi yo`qmikan? — Ko`ryapsan-ku, mana. Aybi yo`q. — ovozimni o`chirishga urinda u. Ammo bizning suhbatimiz uy egasining qulog`iga chalingan ekan. U oshxona tomondan kelarkan, dedi: — Shu paytgacha jim yurganim, olasizlarmi-yo`qmi degan gumonim bor edi. Olishlaringiz aniq bo`lyapti, endi aybini aytaman. Opa, aytganingizdek, uyning aybi bor. Kechki payt qandaydir shovqin eshitiladi. Shu aybi. Boshqa qo`shnilar ham yangi sotib olishganda shunday bo`lgan ekan. Keyinchalik yo`qolib ketadi, deydi. Menimcha, ular ko`nikib ketishgan. Men esa ko`nika olmadim. — Ko`cha yaqin, shovqin bo`ladi-da, — dedim o`zimcha izohlab. — Yo`q, bu ko`chaning shovqini emas. Boshqacha. Tushuntirib bera olmayman. Xullas o`sha kuni uyning egasining gaplarini kulgiga oldik. — Sal “anaqaroqmi”, deyman? — dedi o`g`lim ham uyga kelgach, kulib. Uyni oldik, to`yni ham qildik. To`ydan bir oy o`tgach, katta o`g`lim uyga ko`chib o`tdi. Ammo o`sha kuni tundayoq qaytib keldi: — Rost aytgan ekan. Allambalo ovozlar keladi. Kasal odamning inqillashigayam, uflashigayam o`xshaydi. Qo`rqdik. Hayron bo`lib ertasiga o`zim borib yotdim. Rost. G`alati ovozlar. Qaerdan kelayotganini ham bilmaysiz. Yuragim orqaga tortdi. “Shu paytgacha hech kim bu ovozdan o`lmagan-ku, menam o`lmasman”, deya tonggacha yotdim. Ertalab esa qo`shnilardan surishtirdim. — O`zi shunaqa, yangi ko`chib kelgan odamni bag`riga olgisi kelmaydi, — kuldi qo`shni ayol. — Bizda ham shunday bo`lgan. Surishtirdik. Ilgari uyning orqa tomonlari eski qabriston bo`lgan ekan. Lekin uyning o`rni emas.Kim bilsin, balki bunaqa o`zgarish bo`lganidan keyin ruhlar bezovta bo`lgandir? Kelgan odamni haydashga harakat qilar? Ular haqqiga duo qilib turing. To`rt-besh oy o`tgandan keyin bosiladi hammasi. Qo`shnining aytganini qildim. Har kuni o`tganlar ruhiga tilovat qildim. Shovqinga parvo qilmaslikka tirishdim. Beshinchi oyga o`tganda ovoz “tinchidi”. Buning nimaligi, qanday sinoatligini hamon tushunmaymiz.

#Daxshatli voqealar#94#yangi#ovoz
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика