#

Shamolli kecha davomi.3

Shamolli kecha davomi. bag‘irlab qolgan, qayishqoq, dashtning butalari shamolga moslashib ketishgan. Hech bo‘lmasa oy bulutlar ostiga kirib ketmay tursaydi. Lekin oy chiqsa, vahima yana kuchayadi. Oy yog‘dusida dashtda nimalardir harakatlanayotganday tuyuladi. Yurak yana shuvillab ketadi. Tezroq, tezroq yurib buvinikiga yetib olish kerak. Adashtiruvchilar balki rostdan ham bordir? Nega bo‘lmasa kap- katta odamlar ham ularni gapirib yurishadi? Yigitcha shu tarz qadamini ildamlatib, deyarli yugurib bormoqda edi. Qamishlar orasida bir nimalar qattiq shitirlar edi. Balki u yerda ham qanaqadir vahshiy hayvonlar qulay payt poylab yugurib borishayotgandir? Tezroq buvinikiga yetib olishsaydi. ***.Nihoyat, qishloqning daraxtzorlari qorayib ko‘rindi. Shamol yanada avjiga chiqqan, daraxtlarning qurigan shoxlari bu yerda ham qarsillab sinardi. Chapdagi zovurning do‘nglari ustida bo‘g‘iq hushtak chala boshladi. Qishloqda ovozlar o‘zgacha, dashtdagi kabi yovvoyi, hurkituvchi emas. Bu yerda ham nimalardir taraqlayapti, kimningdir eshigi shamolda ochilib-yopilib g‘iyqillayapti, kuchuk vovullashi eshitilyapti. Tuprog‘i to‘zg‘ib yotgan ko‘chadan deyarli chopib borar edi yigitcha. Hech qayerda chiroq yo‘q, ho‘v naridagi ba’zi uylarning kichkina derazalarida sham alangasi lipillamoqda. U uydagi kishilar balki hozir bamaylixotir gurunglashib o‘tirishgandir? Yigitchaning yuragi qiniga sig‘may ura ketdi, ich- ichidan g‘alati, yovvoyi sevinch ko‘tarilib keldi. U qah- qah otib kulib yubordi, nafasi tiqilib-tiqilib kulardi u. Nihoyat, buvining eski uyiga ham yetib keldi. Ichkari tomonidan zulfini ilingan eshik ham shamolda taqirlamoqda edi, yelkasi bilan qattiq urgan edi, ochilib ketdi. – Buvi-i! Buvi-i! – deb ovoz berdi u. – Voy xayriyat-ey! Voy xudoga shukur-ey! – saldan keyin shamolning uvillashlari aro odam tovushi kelishini ishonib- ishonqiramay kutib o‘tirgan buvi kalishini apil- tapil kiyasola, chiqib keldi. – Eson-omon yetib kelvoldilaringmi, bolajonlarim, qo‘rqib ketmadilaringmi? – Yo‘g‘-e, nima deyapsiz, shamoldanam qo‘rqamanmi? – dedi yigitcha kekkayib. Yuragidagi yovvoyi quvonch va xotirjamlik endi unda o‘smirona g‘urur uyg‘otdi. Qo‘rquvi chekingan, boyagi vahimalari kulgiliyu bema’ni tuyula boshladi. – Voy, buving cho‘ri, botirimdan o‘rgilay! – dedi buvi. So‘ng, chiqayotgan joyida to‘satdan to‘xtab, sarosimalanib so‘radi: – Hoy o‘lgur, singling qani? Yigitchaning yuzidagi baxtiyorlik ifodasi birdaniga g‘oyib bo‘ldi, go‘yo u ifodani ham shamol uchirib ketganday bo‘ldi. U hangu mang bo‘lib ortiga alangladi. Singil yo‘q edi! – Yigit bo‘lmay o‘l, Nozik qani? Nariroqda, egilib- bukilayotgan daraxtlar ostida ham, hozir oy xira yoritib turgan tuproq yo‘lda ham qizaloq ko‘rinmas edi. Boyagina «aka-aka»lab chopqillab ortidan kelayotgan edi-ku? Kichkina guldor ro‘moli ostidan ikki o‘rim yovvoyi sochi tikkayib chiqib turgan edi-ku? Pochalaridan ingichka oyoqchalari ko‘rina-ko‘rina, goh tevarakka «voy o‘lmasam» deya alanglab-alanglab, goh akasining kuchu qudratidan bolalarcha mag‘rurlanib- faxrlanib, ko‘ylakchasini shamol yulqilay- yulqilay chopib-chopib kelayotgandi-ku? Qani qizaloq? Qay yerda qolib ketdi u? Ko‘chalar, bog‘lar, yulqinib- silkinayotgan bu makonlar bo‘m- bo‘sh, faqatgina shamol – odam yashamaydigan uzoq tog‘larning yolg‘iz qoyalari orasidan chiqib kelgan mana shu vahshiy shamolgina butun olam uzra yoyilib-sochilib shiddat urmoqda edi, xolos. Dang‘araning shamoli – bahaybat tog‘ oralaridan ko‘zga ko‘rinmas benihoya ulkan maxluq singari chiqib kelgan shu shamol o‘kirib-pishqirib rosa esdi! Shu turishda u hozir Qirqlar, Minglar, Aravon, Jilva, Chomoch, Soylar, Nayman, Begovot kabi yuzlab qishloqlar ustida to‘zon va qum sochib vahshat solib, chunon o‘kirib-o‘kirib o‘tdi- ki! Daraxt oralarini aylanib-aylanib esishida nola ohanglari ham borga o‘xshardi. Kuch va qudratini insonlarning omonat makonlari uzra namoyon qila- qila, goh bo‘zlay-bo‘zlay, goh nolon-nolon, goho esa isyon ila qichqira-qichqira, shiddati pasayganida esa ingrana- ingrana esaverdi. Uning esishida boshqa ma’nolar ham borga o‘xshardi. «Yetim bola» deb ovoz chiqardi u tomorqalar ustida. Ayqash-uyqash bo‘lib sinib ketgan juxorizorlar uzra esa «Hoy bola» deb dag‘dag‘a qildi! Va qahqaha urib, sho‘rlik akaning sochlarini uzib olguday bo‘lib yulqilayverdi: «Yetim bola, toy bola, Singling qayda, boy bola? » Bu - hayotda juda ko‘p voqealarni ko‘raverib diydasi qotib ketgan kampir edi. Lekin hozir sarosimaga tushib, vahima va qo‘rquv ila yigitchaning sochlaridan tortib, mushtlari bilan boshiga ura-ura yig‘lay- yig‘lay nido qilardi: – Erkak bo‘lmay o‘l, top singlingni, qirilib ketgur! Bor, qayt izingga, topolmasang o‘sha yoqlarda o‘lib ket! Ha, butun bu bepoyon kengliklarni birday enlab, quturib-vahshat solib esardi shamol. Yigitcha bir tomondan or-nomus titrog‘i, bir tomondan yana o‘sha vahimalarga ro‘para kelishning qaltirog‘i ila ortiga o‘girildi. Sal narida qishloq uylari tugab, yana kimsasiz dasht, g‘alati oqish butalar, goh yakkam-dukkam, goh qalin, ayqashib ketgan qamishlar, yulg‘unlar, to‘rong‘illar to‘la yaydoq dasht boshlanib ketgan, battar quturib esar edi Dang‘araning tentak shamoli. Bu yigitcha, onasining yolg‘iz yodgori, o‘sha qo‘rqinchlar bilan yana yuzma-yuz kelishi kerak edi. Yuzma-yuz kelishi nimasi, orasida

#Daxshatli voqealar#200#shamolli#kecha
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика