#

“Ilik uzildi davri” boshlandimi?

O‘lkamizga bahor kelib, dalalarimiz ham ancha chiroy ochdi. Bog‘lar ichi oftob shu’lasida munavvar bo‘ldi. Daraxtlarning shoxlariga g‘unchalar oq bodroqdek sochilib, o‘ziga oro berayotgan kelinchakdek nigohlarga o‘t soldi. Ariq bo‘ylarida yalpizning xush islari anqidi. Qiru adirlar uzra maysalar gilami yoyildi, chuchmo‘malar unga bezak bo‘ldi. Butun borliq bir zumda yashnab ketdi. Qushlar o‘z tillarida chug‘urlab, go‘yoki jumlai jahonni yangi kun bilan muborakbod etadilar. Keksayu yosh tabiatning erka faslini baravariga olqishlaydi. Ko‘m-ko‘k dalalar bag‘rida chinakam Navro‘z shodiyonalari boshlanib ketdi. Darhaqiqat, bahor kelishi bilan kishida behollik alomatlari boshlanadi. Bunga asosiy sabab bu faslda organizmda moddalar almashinuvi tezlashadi, shu sababli odamda vitaminlarga bo‘lgan ehtiyoj oshadi. Vitaminlarning inson salomatligi uchun nechog‘li ahamiyatli ekanligi ma’lum. Ular organizmda muntazam davom etadigan moddalar almashinuvida, hujayra va to‘qimalarning o‘sishi va qayta tiklanishida, organizmning kasalliklarga qarshi kurashishida faol ishtirok etadi. Vitaminlar organizmga ovqat bilan tushadi. Lekin bahor oylariga kelib dasturxonda sabzavotlar ancha kamayib ketadi. Shuning uchun bahorda odam o‘zida vitaminlar yetishmayotganligini sezadi. Bunday fasliy toliqish, darmonsizlanishni xalqimiz “ilik uzildi davri” deb ataydi. Bu bejizga emas, albatta. Chunki erta bahorda odam o‘zini xuddi iligi kamaygandek, madori qolmayotgandek his qiladi.
Yoshlik paytlarimda buvimnikida borsam, ular: “bahorgi yangi maysalarni to‘yib hidla, ko‘ngling yorishadi, tongda maysazor ustidagi shudringdan olib ich, barcha dardlardan forig‘ bo‘lasan”, — derdilar.
Bahorgi darmonsizlikdan qutulish uchun…
Bahorda go‘shtni bir oz chetroqqa surib qo‘yib, e’tiborni ko‘katlarga qaratmog‘imiz lozim. Tibbiyot xodimlari yalpiz, ismaloq, jag‘-jag‘ kabi o‘simliklardan tayyorlangan taomlarni tavsiya etishadi. Ko‘kat va sabzavotlardan olingan foyda bir necha hafta ichidayoq ma’lum bo‘ladi. Ularni iste’mol qilib turish tanada moddalar almashinuvi, oshqozon-ichak tizimi ishining yaxshilanishi va yana boshqa a’zolarning ish faoliyatini tartibga soladi.
Bahorning asl-darmonbaxsh taomlari
Bahorning o‘ziga xos taomlari borki, ular sog‘liq uchun juda foydali bo‘lib, gipovitaminozning oldini oladi, kishining ruhiyatiga o‘zgacha tetiklik bag‘ishlaydi. Ulardan eng foydalisi milliy taomimiz bo‘lmish sumalakdir.
Yana bir bahoriy taom bu halimdir. U bug‘doy va go‘shtdan tayyorlanib, vitaminga nihoyatda boy. Undagi oqsillarning o‘ziga xosligi shundaki, uzoq vaqt issiqlik ishlovidan so‘ng juda mayda oqsillarga bo‘linadi. Natijada u taomning oshqozon-ichak tizimida so‘rilish darajasini oshiradi.
Halimni tayyorlashdan maqsad qishdan horib-tolib chiqqan kishi tanasida vujudga keladigan ozuqaviy moddalarni tiklashdan iborat bo‘lib, uni tayyorlashda qo‘llaniladigan mahsulotlar bug‘doy, yog‘, go‘sht hisoblanib, ular oqsilga juda boydir. Shuningdek, ismaloq, yalpiz, mador, ravoch, otquloq, jag‘-jag‘ kabi ko‘katlardan ham taomlar tayyorlab, iste’mol qilinishi gipovitaminoz, o‘zimizning tilda aytganda, “ilik uzildi” davrida juda asqotadi.
Ha, jannatmonand o‘lkamizning tabiati foydali o‘t-o‘lanlaru o‘simlik va mevalarga boy. Saxiy nabotot olami bizni erta bahorning ilk kunlaridan to kech kuzgacha siylaydi. Charaqlab nur sochayotgan quyosh ostida o‘sayotgan har bir giyoh — dorivor. To‘g‘ri, ular yordamida qandaydir kasallikni butunlay tuzatib yuborishning imkoni yo‘qdir, ammo xastaliklarning oldini olish mumkin. Buning uchun bekalarimiz ko‘katlardan rang-barang ko‘rinishdagi taomlar tayyorlab o‘z mahoratlarini ishga solishlari lozim. Bunday taomlar ishtahamizni ochibgina qolmay, tanamizdagi darmondorilar tanqisligini to‘ldirib, qisman bo‘lsa-da, minerallar muvozanatini ta’minlab turadi.
Bu borada, ayniqsa, ko‘katli somsaga yetadigani yo‘q. Tandir otashida pishadigan ushbu taom inson organizmi uchun quvvatbaxshdir. U darmon bag‘ishlovchi, qabziyatdan holi etuvchi, ko‘zni ravshanlantiruvchi, homilaning yaxshi rivojlanishiga yordam beruvchi, qonni ma’lum darajada suyultiruvchi, xafaqonlik iskanjasidan qutilishga moyillik yaratuvchi xususiyatlarga egadir. Bunday somsani pishirish uchun sizga ismaloq, yalpiz, otquloq, jag‘-jag‘, beda, ko‘kpiyoz, shivit, petrushka, qoqio‘t kabi foydali ko‘katlar kerak bo‘ladi.

#Umr manzaralari#34
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика