#

Baribir men seni topardim

Inobat xola eshikka suyanib, chuqur xo‘rsindi. Akmalga nima deydi? Bu oltinchi joydan qaytishi, hammasida bir xil javob. Xola horg‘in qadam tashlab, ichkariga kirdi. O‘g‘li uyda yo‘q edi. Ustaxonasida bo‘lsa kerak. Inobat xola tugunini xontaxta ustiga qo‘yib, to‘shakka o‘tirdi va ko‘zlarini yumdi. Kimningdir oldida izza bo‘lishdan qochib, sovchilikka doim o‘zi boradi. Chunki o‘g‘li… Eshik g‘iyqillab ochildi. Akmal eshik tutqichini mahkam ushlaganicha, onasining huzuriga kirdi. Akmalning yuzi istarali, qop-qora qosh-ko‘zlari chiroyli. Ko‘rgan odam borki havas qiladi, lekin oyog‘i… Akmal tug‘ilganida Inobat xola ko‘p azob chekkandi. U paytlar tibbiyot unchalik rivojlanmaganmidi yoki operatsiya qildirish rasm bo‘lmaganmidi, qiynalib tug‘ilgan bolaning oyog‘iga shikast yetdi. Inobat esa shundan keyin farzand ko‘rolmaydigan bo‘lib qoldi. Shiringina bolakay uch yoshida qiynalib qadam tashladi. Yolg‘iz, tag‘in bunaqa bolaga qanoat qilmadimi yoki bu bir bahona bo‘ldimi, eri ham tashlab ketdi. Inobat yig‘ladi-siqtadi, najot yo‘q, ovundi. Bolasini yolg‘iz o‘zi katta qildi. Maktabni bitirganida institutga kiritishga qurbi yetmasligini tushundi va o‘g‘li shu paytgacha o‘rganib olishga ulgurgan hunariga yo‘l berildi. Mo‘jazgina hovlining devori olindi va kichikroq hujra solindi. Akmal alohida eshikli shinam ustaxonada etikdo‘zlik qila boshladi. Mijozlari ko‘paydi, hunari bilan birga ro‘zg‘orlariga ham baraka kirdi, ona-bola yillar davomida shu baxt sari harakat qilganlarini tushungandek bo‘ldilar. Lekin bu baxt navbatdagi muammo oldida yo‘qqa chiqib turibdi. Uylanadigan vaqti keldi, hatto bir oz o‘tdi ham. Akmalga hech kim qizini bermadi. Uning odobiga, mehnatiga havas qildilar, soppa-sog‘ takasaltanglarga o‘rnak qilib ko‘rsatdilar, lekin hech kim qizini bermadi. Unga achindilar, onasiga achindilar. Lekin ona tinimsiz eshik qoqdi, yigit umid bilan kutdi. Qiz bermadilar. Takasaltanglar uylanib ketdi, ko‘rimsiz qizlar-da tengini topdi. Akmal bo‘ydoqligicha qoldi. Shu…
***
Akmal onasining ko‘ziga bir qarashdayoq hammasini tushundi. Shuning uchun nima bo‘ldi deb so‘rab o‘tirmadi. Ona-bola choy ichdilar va Akmal yana ustaxonasiga chiqib ketdi. Agronomning kirza etigiga mix urayotib, o‘yga berildi. Onasi yorilsa ham bo‘lardi. «Sening ham tenging bordir bolam» deb yig‘lasa, balki yozilarmidi?! O‘shanda uchinchi sinfda o‘qishardi. Mana shu etik egasining qizi Mohira bilan sinfdosh edilar. Bir kun nimadir bo‘ldi-yu, muallim Akmalni Mohiraning oldiga o‘tqazib qo‘ydi. Ertasiga darsga kelganlarida parta ustida «M+A=S» degan yozuv paydo bo‘lgandi. Akmal o‘chirishga ulgurmadi. Kimningdir bolalarcha qilig‘idan sinfda gap bolaladi va hamma Mohirani ermaklay boshladilar. Mohira esa bor alamini yig‘di va uch so‘zga joyladi: «Turqing qursin, cho‘loq!». Murg‘akkina go‘dak sumkasini ham olmay, oqsoqlanganicha uylariga chopib keldi. Yostiqqa boshini burkab rosa yig‘ladi, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. Hech bir aybi bo‘lmasa-da, xo‘rlanganidan o‘kinib yig‘ladi. Birinchi marta o‘zidan, shu holida tashlab ketgan otasidan nafratlanib ketdi. Yig‘laganicha uxlab qoldi. Eshik taqilladi. O‘qituvchisi Mohira va ikki sinfdoshini olib kelgan ekan. Mohira yerga qarab kechirim so‘radi, o‘qituvchisi mehribonlik bilan ertaga albatta maktabga borishini tayinladi. Maktabga bordi ham, yana sinfdoshlariga kirishib ketdi ham. Lekin ko‘nglidagi yara bitmadi. O‘nni bitirdilar hamki, Mohiraga bir og‘iz gapirmadi. Keyinchalik katta bo‘lganlarida, sinfdoshlar bir-birlariga mehr qo‘yib, bu damlar g‘animatligini tushunganlarida Mohira Akmalning yo‘lini to‘sib, qayta-qayta kechirim so‘radi. Lekin o‘sha mash’um so‘zlar Akmalning qulog‘i ostida yangrayverar va u teskari qarab ketardi. Hozir Mohira uch bolali bo‘lgan. O‘tgan yili «o‘n yillik»da ko‘rdi. Baribir gaplasholmadi… Eshik ochilib, bir qiz kirib keldi. Yerga qaraganicha bir poy tuflini uzatdi.
— Xolam jo‘natdilar. Mana bu tuflini tikib berarkansiz. Akmal poyafzalni qo‘liga olib, qizni o‘rindiqqa o‘tirishga taklif etdi.
— Xolangiz kim?
— Anzirat xola borlar-ku, uylari do‘kon yonida - javob berdi qiz yerdan ko‘z uzmay.
— Ie, Anzirat xolaning jiyanimisiz, mehmon ekansiz-da, bo‘lmasa.
— Ha, Tepaqo‘rg‘ondanman. Xolamga pillaga qarashish uchun yordamga keldim, -gapini davom ettirdi qoraqosh qiz hanuz yerga qarab.
— Yaxshi. Bu tuflini to‘liq aylantirib tikish kerak,- dedi Akmal baquvvat qo‘llari bilan charmni ezg‘ilab. Qarang, anchagina so‘tilib ketgan. Qizning nigohi poyafzalga qadalish oldidan Akmalning ko‘zlarida bir to‘xtab o‘tdi va Akmal hammasini tushundi. Qizning ko‘zlari. Bir qarashda sezilmaydi, ammo diqqat qilinsa, har ikki ko‘zining qorachig‘i bir tarafga qarab turishi seziladi.
— Endi ertaga kelasiz, singlim. Men chiroyli qilib tikib qo‘yaman. Qiz yigitdan taralayotgan mehrni, eng muhimi o‘zidagi nuqsonga hamdardlik hissini his qildi. Negadir umrida birinchi marta yigitlar bilan, to‘g‘rirog‘i, aynan shu yigit bilan gaplashgisi keldi.
— Puli qancha bo‘ladi? Ertaga qancha olib kelay? Qizning mayin ovozi, odobi Akmalga ham ta’sir qilib ulgurgandi.
— Anzirat xola mening ham xolam, sizdan pul olsam uyat bo‘lar. Qiz xiyla qizarib chiqib ketdi. Uning ortidan qarab qolgan Akmalning ko‘nglida ajib hislar qoldi.
***
Qiz ertasiga ham, indiniga ham keldi. Akmal ishni cho‘zar, bu holat ikkoviga ham ma’qul edi. Pilla mavsumi tugagunicha ancha yaqinlashib qo-lishdi. Qiz yigitning, yigit qizning nuqsonini tilga olmadi. Hatto hamdardlik nuqtai nazaridan ham bu mavzu ko‘tarilmadi. Yanada

1 2 »

#Hayotiy hikoyalar#56#baribir#seni
O'xshash hikoyalar
Ehtirosli.ru   Яндекс.Метрика